Hisob palatasiga qanday vakolatlar berilyapti?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar tomonidan bir qator muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab deputatlar “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qilishdi.
Mazkur hujjat bilan manfaatlar toʻqnashuvining tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilab berilgan.
Qonun loyihasiga koʻra, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishda davlat nazoratining amalga oshirilishi, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar koʻrishda qonun ustuvorligi, davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir qilinishi oldi olinishi kabi masalalar qamrab olinmoqda.
Fraksiya aʼzolari mazkur qonun loyihasini obdon muhokama qilib, oʻz taklif va eʼtirozlarini bildirib oʻtishdi. Muhokamalardan soʻng qonun loyihasi koʻpchilik ovozi bilan qoʻllab-quvvatlandi.
Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasida Hisob palatasining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik hamda byudjet tashkilotlarida mol-mulkni oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun bayonnomalar rasmiylashtirish huquqini belgilash nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan taftish, tekshirish va oʻrganishlarni amalga oshirish tartibi nazarda tutilib, ularning farqli tomonlari aks ettirilmoqda.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasi boʻyicha oʻz fikrlarini aytib, uni qoʻllab-quvvatlashdi.
Yigʻilishda shuningdek, fraksiya faoliyatiga oid masalalar ham koʻrbb chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring