Hindiston jurnali Oʻzbekistondagi Navroʻz bayrami haqida turkum maqolalar chop etdi

14:39 21 Mart 2026 Jamiyat
430 0

Hindistonning “Business Central Asia” nashri Oʻzbekistonda Navroʻz bayramini nishonlanishiga bagʻishlangan turkum maqolalar eʼlon qildi.

Bahorgi tengkunlik arafasida jurnal keng qamrovli tahliliy maqola chop etdi. Unda bayram mazmun-mohiyati nafaqat bahorgi taqvim boʻyicha nishonlanadigan marosim, balki Mirzo Ulugʻbekning astronomik kashfiyotlaridan tortib, Alisher Navoiy asarlarigacha boʻlgan davrlarni qamrab olgan, asrlar osha yashab kelayotgan madaniy-maʼnaviy merosning eng muhim jihati sifatida taqdim etilgan.

Mualliflar Navroʻzning Oʻzbekiston hududidagi oʻziga xos tarixiy yoʻliga nazar tashlagan. Koinot tartiboti ramzi sifatida vujudga kelgan ushbu bayram Temuriylar davrida alohida ulugʻvorlik kasb etgani taʼkidlangan.

Amir Temur uchun Navroʻz samoviy tartibni oʻz saltanatidagi hokimiyat bilan bogʻlagan madaniy qadriyatga aylangan, deb qayd etiladi nashrda.

Maqolada Mirzo Ulugʻbekning Navroʻz anʼanalari ahamiyatini yanada mustahkamlashga qoʻshgan hissasiga alohida urgʻu berilgan. Buyuk davlat arbobi va alloma Samarqand rasadxonasidagi tadqiqotlari bilan bayramning chuqur astronomik mazmun-mohiyatini ochib berdi va koʻp asrlik anʼanani ilmiy hisob-kitoblar bilan isbotladi, deb fikr bildirgan muallif.

“Navroʻz bir vaqtning oʻzida ham madaniy tantana, ham Markaziy Osiyoning astronomiya va matematika sohasidagi chuqur bilimlari ifodasi boʻlib xizmat qilmoqda”, deb taʼkidlanadi nashrda.

“Business Central Asia”ning yozishicha, tarixning turli davrlaridagi mafkuraviy taqiqlarga qaramasdan, Navroʻz oʻzbek xalqining ushbu qadimiy anʼanaga sadoqati tufayli saqlanib qoldi va mustaqillik yillarida davlatchilik yangilanishining rasmiy ramziga aylanib, yana ijtimoiy hayotga qaytdi.

Ikkinchi maqola Navroʻz mavzusining oʻzbek adabiyoti namunalarida ifodalanishiga bagʻishlangan. Nashr sheʼriy anʼanalarda mazkur bayram nafaqat taqvimdagi sana, balki yorqin ramziy timsolga aylanganini urgʻulagan.

Maqola markazida buyuk Alisher Navoiy ijodiga eʼtibor qaratilgan. Muallif shoir gʻazallarini tahlil qilib, ushbu asarlarda Navroʻz obrazidan qanday mahorat bilan foydalanilganini koʻrsatib bergan.

Nashrda, shuningdek, Andijon bogʻlari va Samarqandning bahor havosini mehr bilan tasvirlagan Zahiriddin Muhammad Boburning xotiralari, shuningdek, zamonaviy yozuvchi va shoirlar ijodiga ham toʻxtalib oʻtilgan. Navroʻz qadimiy ildizlar, Temuriylar Renessansi va Oʻzbekistonning zamonaviy oʻzligini bogʻlovchi koʻprik sifatida ifodalangan.

“Business Central Asia”dagi materiallarda Navroʻz nafaqat etnografik anʼana, balki oʻzbek xalqining hayotbaxsh falsafa sifatida taqdim etilgani bilan ham eʼtiborlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер