Hilola Umarova Fargʻona viloyatida qurilish-taʻmirlash ishlari ketayotgan taʻlim maskanlarida boʻldi
Hozirgi vaqtda xizmat safari bilan Fargʻona viloyatida boʻlib turgan Maktabgacha va maktab taʻlimi vaziri Hilola Umarova viloyatdagi taʻlim muassasalarning yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilayotgan qurilish-taʻmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi.
Xususan, Fargʻona shahri, Mustaqillik shaharchasi, “Yangi Oʻzbekiston” massivi hududida qurilayotgan 990 oʻrinli umumtaʻlim maktabi va 420 oʻrinli maktabgacha taʻlim tashkilotida boʻlib, qurilish-taʻmirlash ishlari bilan tanishdi.
Vazir tomonidan masʻullariga umumtaʻlim maktabining tashqi fasadini oʻzgartirish, qurilish-taʻmirlash ishlarini sifatli amalga oshirish hamda ushbu muassasalarni 15- avgustga qadar jihozlar bilan toʻliq taʻminlash topshirigʻi berildi.
Bundan tashqari, Fargʻona shahridagi 16-umumiy oʻrta taʻlim maktabining yangi oʻquv yiliga hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham oʻrganildi. Vazir oʻrganish davomida ushbu muassasasining eski eshik va deraza romlarini zamonaviysiga almashtirish boʻyicha viloyat masʻullariga tegishli koʻrsatma berdi.
Maʻlumot oʻrnida aytish joizki, Fargʻona viloyatida 2023-yilda Investitsiya dasturi doirasida 17 ta (4 ta yangi qurilish, 13 ta rekonstruksiya) maktabda 157,6 mlrd. soʻmlik, 8 ta (7 ta yangi qurilish, rekonstruksiya) maktabgacha taʻlim tashkilotlarida 56,5 mlrd. soʻmlik hamda “OPEN BUDJET” loyihasi boʻyicha joriy yilda viloyatdagi 113 ta muassasalar (89 ta maktab va 24 ta maktabgacha taʻlim tashkilotlari)da 118,3 mlrd. soʻmlik qurilish va taʻmirlash ishlari amalga oshiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring