Hech qanday asossiz ishdan haydalgan hamshira taqdiri

14:45 11 Yanvar 2022 Jamiyat
877 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan Namangan viloyati, Norin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.N.ning yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur murojaatni oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, M.N. 2020-yil 15-iyun kunidan buyon Norin tibbiyot birlashmasining yoʻllanmasi buyrugʻiga koʻra 17-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi hamshirasi vazifasida ishlab kelgan. Lekin hech qanday asossiz poliklinika bosh shifokori tomonidan vazifasidan ozod etilgan va 2020-yilning iyun — sentyabr oylaridagi mehnati uchun ish haqi toʻlab berilmagan.

Murojaatchining yozishicha, unga M.N.ning ishga qabul qilinishi haqidagi buyruq soxta ekanligi sababli Norin tibbiyot birlashmasi rahbarlari tomonidan boshqa munosib ishga oʻtkazish vaʼda qilingan lekin bajarilmagan.

Ushbu murojaat nazoratga olinib, atroflicha va xolisona koʻrib chiqish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuborilganda, Namangan viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan yuzaki oʻrganib chiqilib, xodim oʻz xohishi bilan ishdan boʻshagani va hozirda boʻsh ish oʻrni yoʻqligi maʼlum qilinib, bir yoqlama javob qaytarilgan. Xodimni ishdan boʻshatishda yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish holatlari eʼtibordan chetda qolgan.

Fuqaroning huquq va manfaatlari taʼminlanmagach, Ombudsman Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Natijada murojaatni koʻrib chiqishda ijro intizomini qoʻpol ravishda buzganligi sababli Norin tumani tibbiyot birlashmasining kadrlar boʻlimi boshligʻi va bosh iqtisodchisiga “hayfsan” berilgan.

Murojaatchi M.N. esa 17 sonli oilaviy poliklinikaga yarim stavkaga patronaj hamshirasi sifatida ishga olingan. Toʻlanmay qolgan ish haqlari ham undirib berilgan.

Maʼlumot uchun: “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga koʻra, davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni koʻrib chiqishda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari talablariga rioya etishi, ularning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi uchun choralar koʻrishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻrishi shart.

Shuningdek, davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari oʻz tuzilmaviy boʻlinmalari tomonidan murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi, ularning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlash choralarini koʻradi deb belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер