Harbiy xizmatchilarga yangi uylar topshirildi

14:51 26 Mart 2019 Jamiyat
4335 0

Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigida “Biz davlatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga bundan keyin ham alohida eʼtibor qaratamiz.

Masalan, 2019 yilning oʻzida harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli kreditlar asosida 116 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Harbiy xizmatchilarning 700 dan ziyod farzandlari oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi. Shuningdek, harbiy shaharchalarni obod qilish, ularning hududida zamonaviy infratuzilmalar barpo etish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar izchil davom ettiriladi” deya taʼkidlagan edi.

Bular amalda oʻz ifodasini topmoqda. Kuni kecha Nukus garnizonida harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylariga yangi uylarning kalitlari topshirilgani fikrimiz tasdigʻidir.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakillari hamda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari qatnashdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar bunday saʼy-harakatlarda davlatimiz rahbarining 2017 yil 24 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish va yanada rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari hamda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisida Nizom” muhim asos boʻlib xizmat qilayotganini qayd etishdi.

Nukusdagi 30 xonadonga moʻljallangan yangi koʻp qavatli turarjoyda harbiylar va ularning oila aʼzolari uchun barcha sharoit yaratilgan. Buning uchun uy sohiblari oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.

Nukus shahar madaniyat xodimlari ishtirokidagi konsert dasturi yigʻilganlarga yanada xush kayfiyat bagʻishladi.

Hidoyat AHMЕDOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер