Har gal bunday anjumanda bobom haqida bir yangilik eshitaman — Shohruh Behbudiy
Oʻzbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Samarqandda buyuk maʼrifatparvar, dramaturg, publitsist, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy tavallud topgan kun keng nishonlandi.
Dastlab taniqli yozuvchilar, olimlar, professor-oʻqituvchilar, Behbudiyning nevara-evaralari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida maʼrifatparvar olimning haykali poyiga gullar qoʻyildi.

Sanaga bagʻishlangan tadbir viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazida “Mahmudxoʻja Behbudiy — buyuk maʼrifatparvar siymo” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy kecha bilan davom etdi.
— 25 yildan beri 19-yanvar kuni ushbu pedagogik markazda bobomni xotirlab tadbir tashkil etish anʼanaga aylandi, — deydi Shohruh Behbudiy. — Har gal bunday anjumanda bobom haqida bir yangilik eshitaman. Bugun ham ishtirokchilarning maʼruzalarini tinglab, koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Ayniqsa, professor M. Tursunovaning soʻzlari, yaʼni bobomning nafaqat Samarqand shahri, balki viloyatning turli hududlaridagi maktablar faoliyatini rivojlantirishda qoʻshgan hissasi, xususan, Jomboy tumanidagi 28-maktabning tashkil etilishida bosh-qosh boʻlganligi haqidagi maʼlumotlar meni toʻlqinlantirdi.
Tadbir doirasida pedagogika markazi tinglovchilari oʻrtasida Behbudiyning tanlangan asarlar toʻplamiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Bir haftada bir kitob” nomli tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi.

Markaz tinglovchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar va teatrlashtirilgan tomoshalar tadbirga fayz kiritdi. Shuningdek, ishtirokchilarning Behbudiy uy-muzeyiga sayohati ham uyushtirildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring