Har bir kilogramm pilla uchun davlat tomonidan qoʻshimcha subsidiya beriladi

19:57 07 Iyul 2021 Iqtisodiyot
2680 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik va pillachilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan selektor yigʻilishi davom etmoqda.

Yigʻilishda ipakchilik, jun sanoati va kovrak yetishtirish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi.

Kuni kecha Prezidentimizning ipakchilik, jun sanoati va kovrak yetishtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi qarori imzolandi. Endi pilla boquvchilarga uni sotishdan tushgan puldan tashqari, har bir kilogramm pilla uchun davlat tomonidan qoʻshimcha 5 ming soʻmdan subsidiya beriladi. Shuningdek, sohadagi tadbirkorlarning tashabbusi bilan pillani aholidan sotib olish narxi 10 foizga oshirilib, 1 kilogramm pilla narxi 25 ming soʻmga yetkazildi.

Oddiy qilib aytganda, qishloqda ikki quti pilla boqqan oila 1 kilogramm pilla uchun 30 ming soʻm, bir oyda – 3, 4 million soʻm daromad topadi.

Bu qarordan eng asosiy maqsad – qishloqda bandlikni taʼminlash orqali aholi daromadini oshirishdan iborat.

Yigʻilishda dastlab Qoʻshrabot, Qumqoʻrgʻon, Boysun, Gʻuzor va Dehqonobod tumanlarida, keyin boshqa tumanlarda ham jun olinadigan qoʻy-echkilar sonini keskin koʻpaytirib, aholini jundan gilam, roʻmol va boshqa mahsulotlar toʻqib daromad topishga oʻrgatish lozimligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar Fargʻona va Namanganda 14 tadan, keyingi yilda Andijonda 11 ta ipak mato va gilamlar toʻqish uchun hunarmandchilik markazlarini tashkil etish, kavrak yetishtirishga ilmiy asosda yondashish, uni koʻpaytirish, hosildorligini oshirish, qayta ishlab, eksport salohiyatini oshirish vazifalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер