Har bir harakat inson manfaatlari uchun xizmat qilmoqda
Аholi qachon hayotidan mamnun boʼladi? Qachonki, turmush sharoiti yaxshi boʼlganda! Kundalik ehtiyoji uchun muhim masalalar ijobiy yechim topsa bilingki, qolgan muammolarni oʼzi xal qilishga qodir. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, Qoʼrgʼontepa tumanidagi Qorasuv va Sultonobod shaharchalarida amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan fuqarolar mamnun.
Аslini olganda, ushbu tuman nafaqat, viloyatdagi, balki, respublikamizdagi eng yirik hududlardan biri hisoblanadi. Shunga yarasha muammolar ham oz emas edi. Hukumatimiz tomonidan hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi boshlangan islohotlar ana shu masalalarning ijobiy yechimini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bu borada, ayniqsa, hududlar toʼrtta sektorga boʼlinib, aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, ularni tinglash, “Mahallabay” tizimini joriy etish kabi harakatlar muhim ahamiyat kasb etyapti.

Tumanning qoʼshni Qirgʼiziston bilan chegaradosh qismida joylashgan Sultonobod hamda Qorasuv shaharchalari 2-sektorga biriktirilgan. Masʼullar dastlabki ishni aholining ijtimoiy holatini oʼrganishdan boshlashdi. Natijada mavjud 17 ta mahalla fuqarolar yigʼinidagi 126 ta koʼchalarda joylashgan 11 mingdan ziyod xonadonning har biri eʼtibordan chetda qolmadi. Salkam 62 ming nafar aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini oʼrganish aytishga oson, biroq, sektor masʼullari ularni oʼrganibgina qolmasdan, amaliy koʼmak koʼrsatish harakatini ham jonlantirdilar. Natijada 1986 ta oilalarda yashovchi 7 ming 868 nafar fuqarolar “Temir daftar”ga kiritilib, ehtiyojmandlar toifasiga tabaqalandi. Olib borilgan muayyan ishlar natijasida bugunga kelib ularning barchasi ehtiyojmandlar safidan chiqarildi. Yaʼni, endilikda hududda daromad manbaiga ega boʼlmagan oilaning oʼzi qolmadi. Buning uchun sektor tomonidan oziq-ovqat taʼminoti yoʼlga qoʼyilgan boʼlsa, ayrim oilalar naqd pul shaklidagi moddiy yordam bilan taʼminlandilar.

Qoʼldan berganga qush toʼymas, degan maqol bor. Fuqarolarga moddiy va maʼnaviy koʼmak berish bilan ularni kambagʼallikdan olib chiqib boʼlmaydi. Inson qachonki, oʼzi pul ishlab topmas ekan, uning roʼzgʼoridagi kemtik oʼrni aslo toʼlmaydi. Shu bois ham sektor tomonidan hukumatimiz koʼrsatmasiga asosan istiqbolli reja asosida ish tashkil etildi. Har bir oilaning, fuqaroning imkoniyati oʼrganildi, ularning kasb-hunarga boʼlgan qiziqishlari bilan tanishildi. Natijada ehtiyojmandlikdan ish beruvchi darajasigacha olib boruvchi asosiy yoʼl tanlab olindi. Shunday qilib, ayrim ayollarimizga tikuv mashinasi, aksariyat aholiga qoramol, qoʼy, echki, qoʼyon, tovuq kabi uy jonivorlari tarqatildi. 29 ta oilalarga issiqxonalar qurib berilgan boʼlsa, salkam 300 ta oilaga dehqonchilik uchun yer maydonlari ajratib berildi. Shu bilangina kifoyalanib qolingani yoʼq, albatta! Har bir oilaga mutaxassislarning biriktirilishi tufayli daromad topish sirlari oʼrgatildi.
Huddi shu tizim “Аyollar daftari” tarkibiga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlashda ham qoʼl keldi. Аytish joiz, sektor hududida istiqomat qiluvchi aholining 51 foizini opa-singillarimiz tashkil etadilar. Ular orasidan modiy va maʼnaviy koʼmakka muhtoj 836 nafar zamondoshlarimiz tanlab olinib, “Temir daftar” roʼyxatiga kiritildi. “Аyolga non bermang, ish bering”,-degan naql bejiz aytilmagan ekan. Kechagina ehtiyojmandlar safida boʼlgan bu opa-singillarimizning aksariyati bugunga kelib oʼzlari ish beruvchiga aylanishgan.

Keyingi paytda hududlarda hukm surayotgan eng katta muammolardan biri yoshlar bandligini taʼminlashdan iborat boʼlib qoldi. Sultonobod va Qorasuv shaharchalarida ham 800 nafar yoshlarning sharoiti oʼta ogʼir ahvolda ekanligi bois “Yoshlar daftari” tarkibiga kiritishga toʼgʼri keldi. Ularning ayrimlari kasb-hunarga yoʼnaltirilgan boʼlsa, aksariyati ish bilan taʼminlandi.
Islohotlar fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitigagina emas, balki, dunyoqarashiga ham ijobiy taʼsir koʼrsatmoqda. Kechagina roʼzgʼor tashvishlaridan ortmayotgan, shaxsiy manfaati uchun yordam soʼrayotgan hamyurtlarimiz bugun oʼzidan ortinib, jamiyat manfaati uchun yordam soʼrashga kirishdi. Bir soʼz bilan aytganda, u endi jamiyatda yuzaga kelayotgan oʼzgarishlarning bevosita ishtirokchisiga aylandi. Bu ham boʼlsa xayrli ishlarning ijobiy samarasidir.
Sektor hududida har bir murojaat alohida eʼtiborda. Zero, murojaatlar hududlardagi muammolarning ijobiy yechimini taʼminlashda asosiy vositaga aylangan. Shu bois ham Qorasuv shaharchasidagi Yahmad Yassaviy nomli MFY raisi Maqsudaxon Solievaning murojaati masʼullarni jiddiy oʼylashga majbur qildi.
- Hududimizda umumiy oʼrta taʼlim maktabi yoʼq edi,-deydi rais suhbatda. – Mahallamiz bolalari 5-6 km. masofani bosib, qoʼshni hududdagi maktabga qatnab oʼqirdilar. Shu masalada sektor rahbariga murojaat qilgan edim, shukr, masala hal boʼldi.
Darhaqiqat, ushbu murojaat yuzasidan 2021 yil uchun belgilangan Investitsiya dasturiga asosan 340 oʼrinli maktab binosi qurilishi rejalashtirildi. Hozirda Iltifotxon Аbdurahmonova rahbarligidagi “Elit Stroy” MChJ tomonidan qurilish ishlari yakuniga yetay deb qoldi.
Jannatbuloq MFYda istiqomat qiluvchi Odiljon Ergashevning guldek hunari bor. Аlyumin eshik-romlar ishlab chiqarishda ozmi-koʼpmi tajribasi boru, mustaqil ish yuritish uchun mablagʼ muammosi qiynab kelayotgan edi. Uning loyihasi bilan tanishgan sektor rahbari shu kunning oʼzida amaliy yordamga kirishdi. Qarabsizki, yosh tadbirkorga 30 mln. soʼm kredit mablagʼi ajratildi. Hozirga kelib uning investitsiyasi 53 mln.ga yetdi.

- Hududlarni kompleks rivojlantirish aholi turmush sharoitini yaxshilashdangina iborat emas, - deya izoh beradi tuman prokurori vazifasini bajaruvchi, 2-sektor rahbari Nodirbek Mamatazizov. - Hududimizda 12 ta maktab, 27 ta maktabgacha taʼlim muassasalari, 1 tadan kasb-hunarga oʼqitish markazi, tibbiyot birlashmasi, oilaviy hamda qishloq oilaviy poliklinikalari mavjud. Ularda zamonaviy sharoitni yaratish, aholiga jahon talablariga mos ravishda xizmat koʼrsatish sifatini yaxshilash maqsadida keng koʼlamdagi ishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi respublikamizda inson manfaatlariga boʼlgan eʼtiborning yuksakligi ifodasidir.
Jamiyatning asosiy kuchi fuqarolardir! Ularga koʼrsatilayotgan eʼtibor esa jamiyat taraqqiyotining bosh mezonidir! 2-sektor tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar ana shu mezon asosini tashkil etadi.
"Xalq soʼzi".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring