Hayit — milliy qadriyatlarimiz tarannumi

10:52 17 Iyul 2021 Jamiyat
1008 0

Alloh taologa beadad shukrlar boʻlsin, mamlakatimizda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xayrli ishlar barcha moʻmin-musulmonlarni mamnun etmoqda. Yangidan qurilayotgan, obod boʻlayotgan masjidlar kishi bahridilini ochadi, koʻngillarga surur bagʻishlaydi.

Kuni kecha matbuotda muhtaram Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Qurbon hayiti jamiyatimizda qaror topgan mehr-oqibat, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini yana-da mustahkamlash, el-yurtimizga xos boʻlgan ezgu fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash hamda yosh avlodni milliy anʼana va urf-odatlarimizni eʼzozlash, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hamdir. Chunki bu bayramda xalqimiz oʻzaro mehr-oqibat, xayru saxovat tadbirlarini uyushtirishadi. Koʻngli oʻksik, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi.

Zotan, mazkur qarorda ham xalqimizga xos boʻlgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va oʻzaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirish belgilab qoʻyilgan.

Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulugʻ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan soʻng birinchi oʻrinda ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urugʻlarimiz va yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat qilamiz. Ularning koʻnglini koʻtarishga harakat qilamiz.

Qurbonlik qilish Yaratganning bergan neʼmatlarining shukronasini ado etish va nafsoniy illatlardan poklanish hamda bandaning Yaratuvchisi amriga itoati va taqvosini namoyon etadi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Allohga (qurbonlik) goʻshtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulugʻlashlaringiz uchun – ularni sizlarga boʻysundirib qoʻydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).

Shuningdek, hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: «Odamzot soʻyish kuni qon chiqarishdan koʻra Allohga mahbubroq ish qilgan emas. Albatta, u(hayvon)lar qiyomat kuni shoxlari, junlari va tuyoqlari bilan kelurlar. Albatta, qon yerga tushishidan oldin Allohning huzuridagi makonga yetur. Uni chin koʻngilla chiqaringiz» (Imom Termiziy rivoyati).

Hayit oʻz nomi bilan xursandchilikdir. Ushbu bayramda ota-ona va farzandlarga sovgʻa ulashib, ularni quvontirish, keksalarni, zaif va betoblarni ziyorat qilish, ularga hadya berib, qalblariga surur kiritish dinimiz targʻib qilgan amallardan.

Ayrim hududlarda hayit kunlari isrofgarchilikka sabab boʻladigan turli marosimlar oʻtkazish odat tusiga kirgan. Bu shariatimizda yoʻq. Yaqinlari vafot etgan xonadonlardagi, nikoh toʻylari boʻlgan oilalardagi “yangi hayit”, “hayit yoʻqlovi” kabi marosimlar bidʼatdir. Hayit kunlari isrofgarchiliklar, xursandchilik bayramini aza va yigʻi-sigʻiga aylantirish bizga yarashmaydi. Buning oʻrniga muhtojlarga, faqir-miskinlarga, yetim-yesir, beva-bechoralarga sovgʻalar ulashish zarur.

Qurbon hayiti – musulmonlarning shod-xurramlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat koʻrsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayramidir. Uni shariat talablariga muvofiq, yigʻi-sigʻisiz, xursandchilik bilan, xush kayfiyatda oʻtkazish shart.

Hayit kuni qarindosh-urugʻlarni, birodarlarni ziyorat qilish, beva-bechoralar holidan xabar olish ajri ulugʻ amallardan. Biror sababga koʻra arazlashgan, gina-kuduratli tanish-bilishlar muborak kunlarda bir-birlarini kechirsalar, maqsadga muvofiq boʻladi.

Unutmaslik kerak, hali koronavirus balosi toʻliq chekinmadi. Shunday ekan, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilaylik.

Alloh taolo Qurbon hayitini barchamizga muborak qilsin!

Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер