Gulnora Karimova 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi
Arxiv surat
Bugun, 2020-yil 18-mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudida G.Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.
Oʻtkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar koʻrsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va toʻliq oʻrganib, sudlanuvchi G.Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan G.Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui boʻyicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015-yil 21-avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning ogʻirlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.
Xususan, sud hukmiga koʻra, N. Sodikovga 20 yil, O. Sviridovga 17 yil 3 oy, A. Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh. Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G. Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
J.Abduraxmanov va B.Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.
Eslatib oʻtamiz, Gulnora Karimovaga oid navbatdagi “delo” sudga yuborilib, u yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega boʻlganligi aniqlangandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring