Gulbadan. Tatu-salonlaridan lahva

17:26 10 Yanvar 2020 Jamiyat
3402 0

Gʻarb axloqining fojeasi boʻlgan tatuirovka tait tilidan olingan boʻlib, haligacha ayrim xalqlar uchun “ta” – rasm, “atoua” – iloh degan maʼnoni anglatadi. Yavanliklar va polineziyaliklar tilida “tatu” – “yara”, “yarador” soʻzi oʻrnida qoʻllaniladi. Ular oʻz xalqini bunday jirkanch illatlardan muhofaza qilish maqsadida ehtiyot choralarini koʻrib qoʻygan. Xoʻsh, bizda-chi? Tatuirovkani madaniyatimizga qanday aloqasi bor? Tarixiy kitoblarda yozilishicha, tatuirovka ashaddiy jinoyatchilarni jazolash maqsadida ishlatilgan vosita hisoblanadi. Ilgari buni faqat qamalganlarda uchratardik. Endi-chi, boshqalar ham oʻz badanlari, hatto yuzi, boshlarigacha turli rasm, yozuvlar chizdirib olgani maʼnaviy qashshoqlikdan boshqa narsa emas.

Moda tez oʻzgaradi. Eslang, bir paytlar sochi uzun qizlar zamonning oldi goʻzallari sanalgan. Kiyinishlari ham odmi. Tabiat bergan husnga qanoat qilgan. Hozir butun dunyoda inson salomatligiga zarar keltiradigan sunʼiy vositalardan voz kechilyapti. Masalan, Amerika Qoʻshma Shtatlarida tatuirovkaning inson salomatligiga zarari koʻpayib ketayotganidan cheklov joriy qilingan. Amerika qon banklari assotsiatsiyasi va Amerika Qizil Xoch tashkiloti tatuirovka qilgan donarlardan bir yil ichida qon qabul qilmaydi. Chunki shu davr ichida zararli illatning salbiy jihatlari oʻzini namoyon qilishi mumkin. Afrikaning tatu-salonlarida hatto oddiy xinani tatuirovka uchun ishlatish taqiqlangan. Undan faqat soch boʻyogʻi sifatida foydalaniladi. Bizda bu ishlar goh yashirin, goh oshkor joylarda davom etib kelyapti. Bunga oyinai jahon orqali surunkasiga namoyish etilayotgan turk, hind, koreys seriallari sabab boʻlyapti. Ularda sharm, hayo tushunchalari “oʻziga xos”. Sharmandali sahnalar koʻp. Maʼnaviy, axloqiy jihatdan allaqachon aynib ketgan seriallarni koʻrib, “gʻarbona estetik did” asosida “tarbiyalangan” yoshlar koʻproq tatuirovkani oʻzida sinab koʻryapti.

Qizlar goʻzallik salonlarida borganda, yigitlar tatuirovka urdirayotganda ehtiyot boʻlishlari kerak. Tatuaj va tatuirovka ignasi qimmat turadi. Oʻzim guvoh boʻlganman, koʻpchilik tatuirovka ustalari pulni tejayman, deb bitta ignani bir necha kishiga ishlatadi. Bu Vich yuqish ehtimolini kuchaytiradi. Esimda, bir marta toʻyidan bir kun oldin kelin qosh-koʻzini igna bilan chizdirgani kelgan. Shunda tatuaj ustasining ignasi bexosdan mijozning koʻziga tegib, koʻr qilib qoʻygan. Kelinning toʻyi buzildi. Hamkasbimiz qamaldi.

Tatuirovka inson salomatligi uchun juda zarar. Tatuaj va tatuirovkaga ketadigan hamma narsa chetdan kirib keladi. Koʻpincha sartaroshlar ish asbobini yangilamaydi. Shundan qancha yuqumli kasalliklar kelib chiqyapti. Koʻpchilik bodi-art (rangli tatuirovka)larga ishqivoz. Tatuirovkaning boʻyogʻi falon soʻmga sotib olingan bilan u qanday sharoitda tayyorlangani, tarkibida nima borligini hech kim bilmaydi. Bu qonga kirgandan keyin har xil toshmalarni keltirib chiqaradi. Qandli diabet, gipotetni kuchaytiradi. Tatuirovka lazer nurlari yordamida oʻchiriladi. Nurlanish kasalligi qanday oqibatlarga olib kelishini hamma biladi. Bu tanada har xil oʻsimtalarni rivojlantiradi. Qizlarni farzand koʻrish baxtidan mosuvo qiladi.

Ilgari yuzi, badanida biror nuqsoni borlar oʻsha joyini kosmetik vositalar bilan yashirib berishimizni soʻrab kelardi. Bu ham avj olib ketdi. Koʻpchilik olti oy yoki bir-ikki yilga qosh, koʻz, lablarini tatuaj qildiradi. Bular orasida oʻsmirlardan tortib, ellik-oltmish yashar kampirlargacha bor. Hozir ajinlarni qisqartirish uchun yuzni qotiradigan dorilargacha chiqib ketdi. Eng achinarlisi, oʻn sakkizga kirgan qizlar ham qilyapti. Yaqinda bir hamkasbimiz yoshgina mijozni yuzini qotiraman, deb tomiriga notoʻgʻri ukol qilib, yuzini qiyshaytirib qoʻydi. Koʻpchilik goʻzallik salonlariga yaxshi niyatda keladi. Lekin sunʼiy vositalardan ehtiyot boʻlish kerak. Oddiygina ulama sochlarning har bir tolasi boshga temir yordamida qistiriladi. Agar muddati olti oy boʻlsa, shunchagacha boshga havo tegmaydi. Oqibatda, bor soch ham toʻkilib ketadi. Toʻgʻri, sochlarni chiroyli turmaklab, qosh-koʻzga qarab yurishning yomon tomoni yoʻq. Lekin badanga tatuirovka chizdiraman yoki labni shishirtiraman, deb inson oʻziga zulm qilishi kerak emas. Ayniqsa, tatuajchilar oʻz mijozlariga qoqshol, sil va hatto OITS kasalliklarini yuqtirib qoʻyishi mumkin. Bunday noxush holatlar faqat goʻzallik salonlarida emas, hatto sogʻlomlashtirish klublarida ham bor. Ularning reklamalaridagi baquvvat koʻringan yigitlarning koʻpchiligi sunʼiy yoʻl yaʼni, dori-ukollar bilan bilaklarini shishiradi. Bularning hammasi vaqtinchalik. Taʼsiri ketgach, salomatlikka ziyon keltiradi.

Nigora OLIMOVA,

kosmetolog-biolog.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер