Gʻijduvonda “soya”dan chiqib, ishlamoqchi boʻlgan oilalarga 100 mln soʻmgacha kreditlar beriladi
Shavkat Mirziyoyev Buxoroda oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida Gʻijduvonga investitsiya kiritish, sanoatda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishdagi eng katta muammo ekanini taʼkidladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari yigʻilish aynan Gʻijduvonda boʻlayotgani bejiz emasligini taʼkidlagan. Unga koʻra, soʻnggi yillarda tuman sanoati 2 karra oʻsib, 2 trillion soʻmdan oshdi, viloyatdagi ulushi esa toʻrtinchi oʻrindan uchinchiga koʻtarildi. Shu vaqt ichida 2 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlab, 2010-2016-yillarga qaraganda 4 barobar oʻsgan.
Shu bilan birga, Gʻijduvonga investitsiya kiritish, sanoatda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishdagi eng katta muammo, bu – elektr taʼminoti va temir yoʻl infratuzilmasi. Gʻijduvon iqtisodiy zonasida bu masalalar hal qilinsa, tadbirkorlar 340 million dollarlik 100 ta loyihani boshlab, 10 ming aholini ishli qilmoqchi.
Yigʻilishda mutasaddilarga “Navoiy-Xorazm” yoʻnalishida qurilishi yakunlanmagan shoxobcha temir yoʻlini Gʻijduvongacha olib kelish topshirildi.
Shuningdek, xonadonlarda kichik ishlab chiqarishlar tashkil etish Gʻijduvonda allaqachon yoʻlga qoʻyilgani, lekin, 100 dan ortiq sanoat mahsulotlari xonadonlarda biznes kattalashmaydigan, “yashirin” sharoitda ishlab chiqarilayotgani tanqid qilindi. Shu boʻis, bu oilalar “soya”dan chiqishi uchun uyiga uzoq boʻlmagan hududdan joy, elektr va mablagʻdan yordam kerakligi aytildi.
Mutasaddilarga 20 ta mahalladagi boʻsh yerda ishlab chiqarish inshootlarini qurib, 400 ta oilaga tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish va 2 ming ish oʻrnini rasmiylashtirish topshirildi.
Bundan tashqari, soyadan chiqib ishlamoqchi boʻlgan oilalarga 100 million soʻmgacha kreditlar beriladi. Bu tadbirkorlar ish oʻrni va aylanmasini qonuniylashtirgani uchun ularning bir yilda toʻlagan soliqlarining yarmi qaytarib beriladi.
Bunday ishlash tartibi Gʻijduvon tajribasi boʻlishi belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring