Gʻijduvonda 129 ta besh qavatli energiya tejamkor uylar quriladi
Buxoro viloyatining aholi nisbatan tigʻiz yashayotgan Gʻijduvon tumanida uy-joyga ehtiyoj tobora oshib bormoqda. Shuni inobatga olgan viloyat hokimligi tegishli tartibga oʻrganishlar olib borib, mazkur tumanning choʻlga tutash “Baraka” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Yangi Oʻzbekiston” massivini barpo etishga qaror qildi.
- Davlatimiz rahbari tashabbusiga javoban qurilishi 2022-yildan boshlanishi kutilayotgan massivda 129 ta besh qavatli, jami 2580 ta energiya tejamkor uy-joy barpo etiladi, - deydi Buxoro viloyati hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari kotibiyati mudiri A. Toʻxtamishev. - Bu aholining uy-joyga muhtoj qatlami ehtiyojini qondirish imkonini beradi. Shuningdek, 1 ming 56 oʻrinli maktab, 360 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, istirohat bogʻi hamda savdo maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari quriladi.
Aytish joizki, Gʻijduvonning mazkur hududida ayni paytda erkin iqtisodiy zona ham tashkil qilinyapti. Hududda umumiy miqdori 238,9 milliard soʻmlik 158 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.Tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda uzunligi 28 km boʻlgan temir yoʻl qurilishi jadal surʼatda olib borilmoqda. Bularning bari hududning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish barobarida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, odamlarning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlariga xizmat qilishi shubhasiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring