Giyohvandlik nega yosharmoqda?

19:42 11 Noyabr 2022 Jamiyat
1473 0

Foto: Illustrativ surat

Xalqimizda qush uyasida koʻrganini qiladi, degan hikmat bor. Buning ayni haqiqat ekanini, zamonlar va qarashlar oʻzgarib borsada, hayotning oʻzi takror-takror isbot etib kelmoqda.

Karmanalik Rahmon Soliyev (ism-sharifi oʻzgartirildi) uylanmasidan oldinroq ichkilikka ruju qoʻydi. Boʻyniga roʻzgʻor tashvishi tushsa, “bosilib qolar” degan umidda ota-onasi uning boshini ikki qilib qoʻyishdi.

Toʻgʻri, Rahmon avvaliga ichkilikni tashlagandek boʻldi. Biroq keyinroq yanada mukkasidan ketib, undan oila nari tursin, mahalla-koʻy ham yuz oʻgirdi. Yaqin-atrofdagi doʻkonlarga qarzi sabab kirolmaydigan, toʻy – maʼrakaga esa hech kim chaqirmaydigan boʻldi.

Rahmonning oʻgʻillari ham noqobil chiqdi. Onaning zor qaqshashi, mahallaning saʼy-harakati zoye ketdi. Avvaliga toʻngʻich oʻgʻli oʻgʻrilik bilan, keyinroq esa kichigi giyohvandlik vositalari bilan maktab partasidayoq voyaga yetmaganlar komissiyasi roʻyxatiga tushdi. Koʻp oʻtmay kichigi qamalib ketdi. Kattasining esa jasadini Samarqanddan olib kelishdi. Ekspertiza xulosasiga koʻra narkotik isteʼmolida dozani oshirib yuborishdan oʻlgan.

Joriy yilda Navoiy viloyatida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ikkitasini bevosita giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlar tashkil etmoqda. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi, giyohvandlik moddalari savdosiga bilan shugʻullanishdek nopok yoʻlga ona suti ogʻzidan ketmagan bolalar qanday kirib qolmoqda?

— Giyohvandlik moddalari savdosida ushbu ogʻuning maʼlum bir qismi tranzit mamlakatlar hududida qolib ketadi, — deydi Navoiy shahar IIB JQB tezkor vakili Sardor Ismoilov. — Xususan, mamlakatimiz janubi Afgʻonistonda giyohvand moddalarning yetishtirilishi va ularni shimoliy hududlarga Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, yurtimiz orqali olib oʻtishga urinishlar hamon uchrab turibdi. Albatta, bunday urinishlarga huquq-tartibot idoralarining sergakligi tufayli barham berilib, jinoyatga jazo muqarrarligi taʼminlanmoqda. Biroq har qanday narkotranzitda narkotik moddalarning qolib ketgan maʼlum bir qismi oʻsha tranzit mamlakatda “qora bozor”ga chiqarilishidek achchiq haqiqatdan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Misol uchun, yaqinda Navoiy viloyat IIB YHXB va Karmana tumani IIB JQB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “Qoradori-2022” tadbirining 2-bosqichida, tumanning Shibzon mahallasi hududidagi “Samarqand” YPX maskanida, Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani B. Margʻiloniy koʻchasi 20-uyda yashovchi I. Yigitaliyev boshqaruvidagi “Spark” rusumli, 40 A 620 OA davlat belgili avtomashina toʻxtatib tekshirilganda, avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan, 1994-yilda tugʻilgan, Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani B. Margʻiloniy koʻchasi 18-uyda yashovchi A. Rahmatovning yonidan ogʻirligi 0.41 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlanib, giyohvandlik moddasi daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Holat boʻyicha A.Rahmatovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ushbu giyohvandlik vositasini saqlash maqsadlariga tergov organlari tomonidan oydinlik kiritilmoqda.

Haqiqatan ham, giyohvandlik atrofdagilar ozori. Uning asorati kriminogen vaziyatni chigallashtiradi. Tahlillarga koʻra, dozaga pul topish uchun giyohvandlarning sakson foizdan ortigʻi oʻgʻrilik, 10-15 foizi qotillik, 5-10 foizi boshqa turdagi jinoyatlarga qoʻl urishar ekan. Bunga Navoiy viloyati misolida eʼtibor qaratadigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan davrida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 4 tasini firibgarlik, 16 tasini oʻgʻrilik, 1 tasini transport vositasini olib qochish tashkil etadi.

Shu bois bu borada profilaktika ishlariga alohida eʼtibor qaratish, giyohvandlikning ogʻir oqibatlarini, jamiyat osoyishtaligiga tahdid soluvchi illat ekanligini yoshlarga chuqur tushuntirish maqsadga muvofiq. Buni huquq-tartibot idoralari yoxud tibbiyot xodimlarining ishi deb emas, balki keng jamoatchilikning burchi deb qaramoq joizdir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер