Gilambob ogʻir hudud toifasidan chiqarildi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi Gilambob mahallasida 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda yashovchi aholi tomorqadan unumli foydalanish bilan birga, hunarmandchilik bilan ham nom qozongan. Gilambobda yaqin yillargacha aholiga qulay sharoit yaratilmagan, mahalla ogʻir hudud toifasiga tushib qolgandi.
Joriy yilda viloyat hokimligi tomonidan mahallada “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, zamonaviy mahalla guzari, oilaviy poliklinika, maktab, bogʻcha, hunarmandchilik markazi, goʻzallik saloni, maishiy xizmat koʻrsatish va tadbirkorlik obyektlarining qurilgani mahalla ahlini xursand qildi. Yoʻlaklar tartibga keltirilib obodonlashtirildi. Yuzlab mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Bolalar oʻyingohlari tashkil qilindi. Ichki yoʻllar asfaltlandi. Koʻchalarga tungi yoritgichlar oʻrnatildi.
Quvonarlisi, mahallada yaratilgan imkoniyatlardan aholi unumli foydalanishga intilmoqda. Hozir mahallada qizil tol novdalaridan sanʼat darajasida savat toʻqishda Asliddin Xolmatovga yetadigani yoʻq. Shu hunar ortidan mahalladoshlari orasida hurmat qozondi.
— Dastlab saralab olingan qizil tol novdalari katta qozonda qaynatiladi, — deydi hunarmand Asliddin Xolmatov. — Maʼlum vaqtdan keyin novdalar qozondan chiqarilib quritiladi. Har bir novdaga ishlov beriladi. Savatlar toʻqiladi. Hozirgi kunda savatning 20 tadan ortiq turini tayyorlaymiz. Bir dona savat hajmiga qarab 1-2 soat vaqt oraligʻida tayyor boʻladi. Bir kishi kunda 5-6 ta savat toʻqiydi. Ularning har birini 50-60 ming soʻmdan sotamiz. Asosan, Toshkent, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi xaridorlarga yetkazib beramiz. Muhimi, oilamiz bandligi taʼminlangan. Shogirdlarim koʻp. Mahalladagi qiziquvchi yoshlar hunar oʻrganmoqda. Faoliyatimni kengaytirib, yangi ish oʻrinlari yaratishni maqsad qilganman. Gilambob bugun tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Bu yerda nafaqat infratuzilma, balki odamlarning ham dunyoqarashi yangilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring