Germaniyada oʻqish va ishlash uchun oʻquv kurslari faoliyat koʻrsatmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 27-iyunda qabul qilingan “Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Uchkoʻprik tumanining uchta hududida xorijiy tillarni oʻqitish markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ayni jarayonda tumandagi kasb-hunar maktablarida xorijiy tillar, xususan, nemis tilini oʻqitish markazlari tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad xorijda oʻqish va ishlash qonuniy asosda boʻlishiga erishish, xavfsiz va tartibli migratsiyani amalga oshirishga qaratilgan.
Yoshlar ishlari agentligining Uchkoʻprik tumani boʻlimi masʼullari xabar berishicha, bugungi kunda mazkur oʻquv kurslari sertifikatini olish orqali Germaniyada oʻqish va ishlash maqsadida 150 nafarga yaqin yigit-qizlar oʻqimoqda. Oʻquv kurslari xarajatlari “Yoshlar jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi. Shu tarzda joriy yilda 100 nafar yoshlarni oʻqish va ishlash uchun Germaniyaga joʻnatish nazarda tutilgan.

— Hozirda taʼlim muassasasida tashkil etilgan oʻquv markazida aynan nemis tilini oʻrganish uchun 70 nafar oʻgʻil-qizlar tahsil olyapti, — deydi Uchkoʻprik tumanidagi 1-son politexnikumi rahbari Yusufjon Arslonov. — Bu yil dual taʼlim tizimi asosida 400 nafar yoshlarni ham oʻqitish rejalashtirilmoqda.
Texnikum bitiruvchilariga kamida ikkita kasb va xorijiy tillarni oʻrgatish uchun IT, elektr energiyasi, quyosh panellari muhandisi, payvandchilik, tikuvchilik kabi yoʻnalishlarda jahon mehnat bozorida raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash borasida amaliy saʼy-harakatlarga kirishildi.
Aytish joiz, oʻtgan yili taʼlim muassasasi jamoasi “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 1 milliard 360 million soʻm mablagʻni qoʻlga kiritib, 10 ga yaqin ustaxonalar va oʻquv xonalari zamonaviy mezonlar asosida eng soʻnggi rusumdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring