Germaniyada “Bavariya—Oʻzbekiston” hamkorlik jamiyati tashkil etildi
Germaniyaning Bayroyt shahrida “Bavariya—Oʻzbekiston hamkorlik jamiyati” (BUK) tashkil etildi.
Jamiyatning asosiy maqsadi Bavariya va Oʻzbekiston mintaqalari, turli sohalardagi tashkilotlari va kompaniyalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, kengaytirish va chuqurlashtirishdan iborat. Tashkilot boshqaruv kengashini saylash uchun boʻlib oʻtgan yigʻilishda jamiyat prezidenti etib bayroytlik sotsiologiya doktori Markus Fidler, vitse-prezidenti lavozimiga tadbirkor Karlxayns Braytsmann, bosh kotib etib tibbiyot doktori Mattias Olshevskiy tayinlandi.
Doktor Markus Fidler oʻzining prezidentlik vazifasidan tashqari madaniy va ilmiy hamkorlikka, vitse-prezident Karlxayns Braytsmann iqtisodiy hamkorlikka, doktor Mattias Olshevskiy esa tibbiyot va sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikka masʼul boʻladi.
Hamkorlik tashkiloti shahar vakillari ishtirokidagi madaniy dasturlardan tashqari, hududdagi yirik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirgan. Tadbirda soʻz olgan jamiyat prezidenti doktor Markus Fidler Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holatini eʼtirof etdi. Shuningdek, u Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi ahamiyati tobora ortib borayotgani va mamlakatimizning pragmatik siyosatiga toʻxtaldi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilda Germaniyaga ikki marta buyurgan tashrifi natijalari alohida urgʻulandi.
“Biz faoliyatimizni aynan shu paytda boshlayotganimiz bejiz emas. Jamiyat faoliyati butun Bavariya oʻlkasini qamrab olishi zarur. Shuningdek, yaqin kunlarda Bavariya vazirliklari bilan ham muzokaralar oʻtkazish rejalashtirilgan”, dedi jamiyat prezidenti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring