Germaniya kompaniyasi Yevropa bozori uchun Oʻzbekistonda mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshiradi
Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasi vakillari Germaniyaning “Teamdress Holding GmbH” kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
“Teamdress Holding GmbH” kompaniyasi Yevropada iqtisodiyotning turli sohalari xodimlari uchun ish kiyimlari yetkazib beruvchi yirik tuzilmalardan biri hisoblanadi. 100-yildan ziyod tarixga ega kompaniyaning bosh qarorgohi Gamburg shahrida joylashgan.
“Teamdress Holding GmbH” dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan sanoat korxonalari, sogʻliqni saqlash, oʻt oʻchirish, qutqaruv xizmatlari, umumiy ovqatlanish tarmogʻi xodimlari, ishchilar va boshqa soha vakillari uchun maxsus kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tarmogʻiga ega.
2019-yildan buyon mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi koʻmagida Germaniya kompaniyasi oʻzbek toʻqimachilik korxonalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Muzokaralar davomida ish kiyimlarini tikish sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirish masalasi koʻrib chiqildi.
— Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati katta salohiyatga ega, oʻzbek mutaxassislari yuqori kasb mahorati va yangi koʻnikmalar hamda ishlab chiqarish texnologiyalarini tezkor oʻzlashtirish qobiliyati bilan ajralib turadi, — deydi kompaniya ijrochi direktori A.Xatske. — Bundan tashqari, mamlakatda boy xom ashyo bazasining mavjudligi va organik paxtani yirik hajmda ishlab chiqarishni oʻzlashtirish imkoniyati respublikani xorijiy sheriklar uchun yana-da jozibador qiladi. Biz oʻzbek toʻqimachilik fabrikalari bilan hamkorlikni kengaytirish va Yevropa mamlakatlariga tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini olib kelish boʻyicha yangi buyurtmalar berishga tayyormiz.
A. Xatske, shuningdek, Oʻzbekistonda paxta tolasini chuqur qayta ishlashni tashkil etishdan manfaatdorlik bildirdi. Shu bois tabiiy xom-ashyodan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi qoʻshma korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar ushbu hamkorlik rejasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish uchun «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi va manfaatdor toʻqimachilik korxonalari bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar oʻtkazishga kelishib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring