Germaniya banki Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligida yoshlar bandligini taʼminlash loyihasini moliyalashtirmoqchi
Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Xalqaro hamkorlik boʻyicha German Sparkassenstiftung tashkilotining Oʻzbekistondagi rahbari va uzoq muddatli eksperti Matxias Vangler bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Samimiy va doʻstona ruhda boʻlib oʻtgan suhbat jarayonida yoshlarni qishloq xoʻjaligi tarmoqlari boʻyicha tadbirkorlikka jalb etish, ularning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, kreditlash, bank bilan hamkorlikda ishlash va biznes yuritishning istiqbolli yoʻllari kabi oʻndan ortiq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Matxias Vangler Germaniya Federatsiyasining 200-yillik tajribaga ega Sparkasse banklar guruhining faoliyati haqida maʼlumot berdi.
Xususan, ushbu mazkur nufuzli banklar guruhi Germaniyaning koʻp yillik moliyaviy tashkiloti boʻlib, Germaniya boʻylab 12 mingta filiali mavjud va hozirda dunyo boʻylab 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda.
Uning uzoq muddatli ekspertlari Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, «Agrobank» ATB, Xalq banki, «Mikrokreditbank» ATB bilan hamkorlik qilib, mamlakatimizda moliyaviy xizmatlar koʻrsatishni taklif etish orqali agrar sektorni mustahkamlash va qishloq hududlarini rivojlantirish boʻyicha yangi loyiha doirasida faoliyat olib boradi.
Suhbat davomida yosh tadbirkorlar faoliyatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etish, oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelgusi rejalar belgilab olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring