Gazetada maqola chop etish: maqsad hisobotbozlikmi, natijadorlik?
Yaqinda Markaziy saylov komissiyasi vakili ishtirokida siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari rahbariyati, viloyat va okrug saylov komissiyalari raislari, shahar va tumanlar hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhlari vakillari, deputatlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizda 2019-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarning natijalari, yutuq va kamchiliklar haqida soʻz bordi.
Yigʻilishda har bir soha vakili oʻz yoʻnalishi boʻyicha soʻzga chiqib, qanday meʼyorlar kiritilsa yoki qay bir mezonlar takomillashtirilsa kelgusida saylov jarayoniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni tashkil etish yengillashishi haqida taklif va mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
Soha vakili boʻlganim uchun, viloyat va hududdagi okrug saylov komissiyasining qarorlarini matbuotda chop etish masalasi haqida men ham oʻz fikrlarimni bildirdim.
Jumladan, tegishli hujjatga asosan tasdiqlangan Markaziy saylov komissiyasining markazlashtirilgan xarajatlari roʻyxatida “Televideniye va radio orqali yoritish bilan bogʻliq xarajatlar” bandi boʻlgani holda, negadir bosma nashrlar xarajatlari haqida hech gap yoʻqligi ajablanarlidir. Aniqroq aytganda, xarajatlari davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan televideniye va radioga saylov kampaniyasi davrida mablagʻ ajratildi, biroq xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi bosma (davriy) nashrlar zimmasida, xususan, viloyat va tuman gazetalarida hududiy saylov komissiyalarining qarorlari, saylov uchastkalarining joylashuvi, nomzodlar tarkibi va hokazolar haqidagi hujjatlar chop etilishi majburiy ekani holda, ushbular uchun ketadigan xarajatlar biron bir manba tomonidan qoplanishi koʻzda tutilmagan. Vaholanki, bosma nashrlardagi bugungi ahvol koʻpchilikka, xususan, mutasaddiyu muassislarga ham maʼlum.
Endi masalaning ikkinchi tomoniga eʼtibor qarating.
Deylik, viloyatda 665 ming saylovchi bor. Ularga saylov kampaniyasiga doir maʼlumotlarni yetkazuvchi gazeta esa, atigi 8-9 ming nusxada chop etilishi, mantiqan qaraganda, qanchalik toʻgʻri? Yoxud 121 ming 200 nafarga yaqin saylovchisi bor tumanda shu kabi maʼlumotlar 1000-1200 nusxalik tuman gazetasida chop etilishi faqat hisobot uchunmi?
Agar maqsad faqat hisobot uchun boʻlsa, bu notoʻgʻri boʻlsa-da, tushunish mumkin, biroq agar biz aniq bir natijaga erishishni niyat qilgan boʻlsak, ushbu masalaga jiddiy, odilona eʼtibor qaratmogʻimiz shart.
Oradan bir muncha muddat oʻtgan boʻlsa-da, ushbu mavzuni yana koʻtarish ehtiyoji sezilgandek boʻldi. Gap shundaki, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotgan turli soha vakillari faoliyati natijadorligining bir mezoni sifatida, “matbuotda chiqish qilish, maqola chop ettirish” masalasi ham mavjud ekan... Buni menga ularning oʻzlari – sud, huquqni muhofaza qilish idoralari, yongʻin xavfsizligi xodimlari, oʻqituvchilar... yaqindan boshlab deputatlar ham... aytishdi.
Murojaat ham aniq va quruqqina: “Gazetaning shu soniga maqola berib yuborilsa, hisobot uchun kerak ekan, soʻrashyapti...” Alam qiladigani, ular nima maqsadda maqola eʼlon qilmoqchi ekanliklarini yashirishmaydi, qaytanga, urgʻu berishadi: “Hisobot uchun!”
Xoʻsh, aslida ham gazetaga mualliflardan maqola hisobot uchun beriladimi? Oʻsha hisobot-maqola muallifning rahbarlari, hamkasblari tomonidan mutolaa qilinadimi, yoki faqat ismi-familiyasi oʻqilsa, shu basmi?
Afsuski, bu kabi qarashlar tobora koʻpayib bormoqda. Yanada achinarlisi, bunday munosabatning sababi faqat obuna boʻlmaganlik emas, bosma nashrlar mutolaasiga qiziqishning kamayib borayotganida hamdir. Koʻpchilik gazetani mutolaa qilib fikrlashga, yaxshi boʻlsa, yaxshiligini aytib, yomon boʻlsa, aynan nimasi yomonligini koʻrsatib, oʻz shaxsiy munosabatini bildirishga erinadi, biroq oldi-qochdi, asoslanmagan gʻiybatu fasodlarga, kimningdir jabr chekkaniyu qay bir amaldorning ishdan olingani haqidagi xabarlar ortidan quvishdan tolmaydi. Bu maʼnaviy tanazzulning uchqunlari emasmikan, degan xavotir keladi koʻngilga...
Bosma nashrlar paydo boʻlgandan buyon gazetada maqola eʼlon qilish havas, gʻurur boʻlibgina qolmay, jamoatchilikka jamiyat, faoliyat, islohotlar va turli jarayonlar haqidagi oʻz munosabatini bildirish hamda oʻz fikrlariga xayrixoh yoki qarshilarni bilish vositasi oʻlaroq tushuniladi. Shuningdek, nafaqat gazetada maqola chiqarish, balki chop etilgan maqolalarni mutolaa qilish, munosabat bildirish ham inson maʼnaviyati darajasini belgilovchi omillardan sanalishi bilan birga, jamiyatda uygʻoq soʻz, sogʻlom qarashlar koʻlamining kengayishiga ham xizmat qiladi. Qay bir korxonaning rahbari yoki xodimining maqolasi gazetada chop etilsayu, hamkasblaridan biri yoki boshqa bir tashkilot rahbari-xodimi unga maqolasini oʻqiganligi haqida aytib, fikrlariga qoʻshilishi yoxud boshqacha qarashda ekanligi haqida maʼlum qilsa... aslida maqolamizning natijadorligi shundan boshlanmaydimi? Bu esa gazetaning kelgusi sonida oʻsha munosabat bildirgan shaxsning mulohazalari munozara oʻrnida chop etilishiga ham sabab boʻladi. Bahs maydoni kengayadi, oʻquvchilar soni oshadi, jamiyatdagi maʼlum bir masalaga jamoatchilikning munosabati uygʻonadi, xayrli yechim topadi.
Gazeta – xalq minbari. Unda faqat qay bir idoraning topshirigʻiga koʻra eʼlon qilinadigan maʼlumotlar yoki hisobot uchun moʻljallangan raqamlar yigʻindisi emas, avvalo oʻqiladigan, faoliyat doirasida foydalaniladigan, yon-atrofimizga, jamiyatga foydasi tegadigan, sogʻlom fikr va munosabat uygʻotadigan, hech boʻlmasa, axborot chanqogʻini bosadigan va maʼnaviy ozuqa beradigan maqolalarni chop etishgina natijadorlikni taʼminlaydi.
Bektemir PIRNAFASOV,
jurnalist.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring