Garvard universiteti professorlari Tramp maʼmuriyatini sudga berdi
AQSHning Garvard universiteti oʻqituvchilari hamda professorlari Donald Tramp maʼmuriyatini oliygohga bosim oʻtkazishda ayblab, sudga da'vo arizasi kiritdi, deb xabar qilmoqda “Reuters” agentligi.
Unda aytilishicha, Tramp maʼmuriyati oʻz siyosiy qarashlarini oliygohga majburan singdirishga urinmoqda. Agar universitet rahbariyati ushbu harakatlarga qarshi chiqsa hukumat oliygohni davlat tomonidan moliyalashtirishni toʻxtatish kabi usullardan bosim sifatida foydalanmoqchi. Shu bois Garvard universiteti oʻqituvchilari hamda professorlari amaldagi Tramp maʼmuriyati ustidan sudga da'vo arizasi kiritgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Tramp maʼmuriyati mazkur oliygohga oʻz siyosiy qarashlarini majburan singdirishga urinishlari fonida, Garvard universitetiga davlat grantlari hamda shartnomalar koʻrinishida taqdim etilgan 9 milliard dollarga teng mablagʻlar sarfini oʻrganish uchun tekshiruvlar boshlab yuborilgan.
Jumladan, bir vaqtning oʻzida universitetni moliyaviy taftish qilish uchun Taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda AQSH Bosh xizmatlar boshqarmasi tekshiruv boshlagan.
Universitet rahbariyati ushbu taftish ishlari hukumat tomonidan bosim oʻtkazish uchun qilinayotganini taʼkidlab, sudga da'vo arizasi kiritish uchun yetarlicha asosga ega ekanligini maʼlum qilgan.
Shuningdek, joriy yilning 31-mart kuni Vashingtondan Garvard universitetiga rasmiy xabar yuborilgan. Unda, oliygohni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar toʻxtab qolmasligi uchun amalga oshirilishi shart boʻlgan bir qator talablar koʻrsatib oʻtilgan.
Ushbu talablar roʻyxatida turli namoyishlar davomida niqob taqishni taqiqlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan muntazam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda inklyuziv dasturlarini qisqartirish talablari ham kiritilgan.
Garvard universiteti oʻqituvchilari va professorlari ushbu talablarni oliygoh siyosatiga taʼsir oʻtkazishga urinish hamda soʻz erkinligiga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashish, deya hisoblashini aytib, Tramp maʼmuriyati ustidan sudga daʼvo arizasi kiritganini maʼlum qilgan.
Maʼlumot uchun, Garvard universiteti dunyodagi eng mashhur va nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanib, 1636-yilda tashkil etilgan. Mazkur oliygoh bakalavr hamda magistratura bosqichlarida tahsil oluvchi 20 mingdan ortiq talabalarga taʼlim beradi va ilmiy izlanishlar olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring