Fuqaroning kreditga olgan “inomarka”si auksion savdolariga chiqarildi
MIB matbuot kotibi Farrux Toshpoʻlatovning “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilishicha, fuqaroning kreditga olgan “Jetour” rusumli mashinasi auksion savdolariga chiqarilgan.
Bildirilishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Chirchiq tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor T.T.dan undiruvchi “I.” bank foydasiga 328 mln soʻm miqdorida kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garovdagi mulk boʻlgan “Jetour” avtotransport vositasiga qaratish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Byuroning Yashnobod tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan.
Qonun talabi asosida qarzdor fuqaroga berilgan ixtiyoriy muddatda bank oldidagi katta miqdordagi qarz summalari qoplanmagan. Shundan soʻng, Byuroning tuman boʻlimi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Fuqaroning garovdagi mulki boʻlgan transport vositasi tegishli tartibda xatlanib, band solingan.
Qayd etilishicha, hozirda qarzdorlik bartaraf etilmaganligi sababli avtotransport vositasi onlayn auksion savdolariga chiqarilgan. Savdodan tushgan pul mablagʻlari kredit qarzi uchun bank foydasiga yoʻnaltiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring