Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishda 260 ta sud qarorlari ijroga qaratilmagan — Bosh prokuratura

15:24 28 Oktyabr 2022 Siyosat
1679 0

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuratura tomonidan “Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish yoki muomala layoqatini cheklash bilan bogʻliq ishlar koʻrilishida sud amaliyotida yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar haqida”gi mavzuga bagʻishlangan onlayn seminar-trening oʻtkazildi.

Unda hududiy prokuratura organlarining masʼul rahbar va xodimlari, tijorat banklari, dastlabki surishtiruv organlari hamda MIB masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Maʼlumot oʻrnida, Bosh prokuratura tomonidan fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish yoki muomala layoqatini cheklash haqidagi fuqarolik ishlari boʻyicha sud amaliyoti oʻrganildi.

Tahlillar mazkur toifadagi ishlar koʻrilishida tizimli ravishda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligini koʻrsatdi.

Xususan, ushbu toifadagi 260 ta sud qarorlari ijroga qaratilmaganligi aniqlandi. Natijada, Xorazmda 6 nafar va Buxoroda 1 nafar muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga 458,6 mln. soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.

Maʼlumki, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 20-moddasiga koʻra, aqli noraso holatda boʻlgan shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Biroq, Toshkent (8 ta), Xorazm (6 ta) viloyatlari, Toshkent shahri (5 ta), Sirdaryo (2 ta) va Navoiy, Buxoro (1 tadan) viloyatlari sudlari tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan 23 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Oʻtkazilgan tahlillar natijasi boʻyicha noqonuniy sud qarorlariga nisbatan 12 ta protest keltirilib, sudlarga 14 ta axborot va 151 ta arizalar kiritildi hamda 344 ta sud qarorlari ijroga qaratildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga mazkur toifadagi ishlar koʻrilishi bilan bogʻliq Oliy sud Plenumi qarorini ishlab chiqish, vakolatli organlar bilan maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda sud qarorlarini ijroga qaratish borasida qatʼiy nazorat oʻrnatish yuzasidan taklif kiritildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер