Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining 46 ta vazifa va funksiyalari qisqartirildi
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga yuklatilgan 46 turdagi hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar qisqartirildi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali batafsil maʼlumot berdi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan tashqari funksiyalarni faqatgina davlat organlari va tashkilotlar bilan haq toʻlashni nazarda tutuvchi shartnoma asosida amalga oshirish huquqi berildi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tuzilmasida fuqarolar yigʻini raisining oʻrinbosarlari sanalgan ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchi, tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga koʻmaklashish va obodonlashtirish ishlari boʻyicha maslahatchi, yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi, keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchi lavozimlari tugatildi.
Quyidagi yangi lavozimlar kiritildi:
- fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
- fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari;
- fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
- oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis;
- fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi;
- fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchisi.
Shuningdek, quyidagi jamoatchilik tuzilmalari tugatildi:
- yarashtirish komissiyasi;
- maʼrifat va maʼnaviyat masalalari boʻyicha komissiya;
- ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya;
- voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari boʻyicha komissiya;
- tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari boʻyicha komissiya;
- jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha komissiya;
- “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi.
Bundan tashqari quyidagi komissiyalar tashkil qilindi:
- oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi;
- ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati boʻyicha komissiya.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring