Fuqaro ishga tiklandi va ish beruvchidan majburiy progul uchun ish haqi va maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi — Ombudsman

14:35 05 Aprel 2023 Jamiyat
551 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili Rustam Kamalovga boquvchisini yoʻqotgan va 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari boʻlgan ona ishga tiklash boʻyicha murojaat qildi.

Murojaatchi M.D.ning soʻzlariga koʻra, 2022-yil 6-iyunda Toshkent viloyati Nurafshon shahar Xotin-qizlar boʻlimida xotin-qizlar faoli lavozimiga ishga qabul qilingan. Lekin ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilmagan. Ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi buyruq nusxasi ham berilmagan.

Fuqaro M.D. unga zarur sharoitlar yaratib berilmaganiga qaramasdan, vazifalarini bajarib kelgan. 3 oydan soʻng esa sirtqi taʼlimda oʻqishi va orada betob boʻlib qolgani sababli sinov muddatidan oʻta olmaganlik vaji bilan boʻshatib yuborilgan. Uning boquvchisi yoʻqligi va voyaga yetmagan farzandlari borligi ham inobatga olinmagan.

Maʼlumot uchun, Mehnat Kodeksining 84-moddasiga muvofiq, dastlabki sinovni oʻtash haqida mehnat shartnomasida shartlashilgan boʻlishi lozim. Bunday shartlashuv boʻlmagan taqdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanishi belgilangan.

Fuqaro M.D. Nurafshon shahar hokimligining ishdan boʻshatish boʻyicha farmoyishi va buyrugʻini gʻayriqonuniy deb topish va maʼnaviy zarar undirish toʻgʻrisidagi Fuqarolik ishlari boʻyicha Oʻrta Chirchiq tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritgan. Lekin, sudning 2022-yil 14-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo ariza rad etilgan.

Murojaatchi Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili qabuliga kelganida, unga mehnat qonunchiligi boʻyicha batafsil huquqiy maslahat berildi va appelyatsiya tartibida shikoyat kiritishi kerakligi, unda qanday jihatlarga eʼtibor berishi kerakligi tushuntirildi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakili sud jarayonlarida kuzatuvchi sifatida toʻliq ishtirok etdi va sudga qoʻshimcha daʼvo kiritilishida huquqiy yordam berdi.

Toshkent viloyati sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 29-martdagi ajrimiga koʻra, fuqaro M.D.ni ishdan boʻshatishga oid hujjatlar gʻayriqonuniy deb topildi va u ishga tiklandi.

Shuningdek, javobgar Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimligidan daʼvogar M.D foydasiga 6 oylik majburiy progul uchun 22 mln 635 ming soʻmdan ortiq ish haqi va 3,5 mln soʻm maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер