Fransiyaning Tuluza shahrida «Oʻzbek bogʻi» ochildi
Foto: «Xalq soʻzi»
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 31 yilligi tadbirlari doirasida Tuluza shahridagi botanika bogʻi hududida “Oʻzbek bogʻi” tashkil etildi.
Bogʻning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimiyati delegatsiyasi, Tuluza shahri meriyasi, Fransiyaning ilmiy-akademik, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
Oʻzbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi elchisi Sardor Rustamboyev oʻz nutqida Tuluza meriyasi va Samarqand viloyati hokimiyatiga ushbu loyiha amalga oshirilgani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi. “Ushbu koʻrkam bogʻ Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi mustahkam aloqalarning belgisidir, dedi elchi. Tuluzada yaratilgan «Oʻzbek bogʻi” Oʻzbekistoning oʻziga xos tashrif qogʻoziga aylanadi».
Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Jamshid Xaydarov Fransiyaning Tuluza shahrida “Oʻzbek bogʻi”ning tashkil etilganligi oʻzaro doʻstona aloqalarni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarning yaqqol samarasi ekanligini taʼkidladi.
“Oʻylaymanki, Tuluza shahridagi tashkil etilgan ushbu bogʻ Oʻzbekiston va Fransiya hududlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona aloqalarning ramzi boʻlib qoladi. Shuningdek, oʻzbek madaniyati va tarixini keng targʻib etishga xizmat qiladi”, dedi u.
Tuluza shahri merining oʻrinbosari Maksim Boyyo Oʻzbekiston hukumatiga “Oʻzbek bogʻi”ni yaratish boʻyicha loyihasi uchun tashakkur izhor etdi. Uning aytishicha, ushbu bogʻ Fransiyaning soʻnggi yillarda ommalashib borayotgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish siyosatida toʻla mos keladi. Bogʻ hududiga ekilgan Oʻzbekistoning noyob koʻchatlari oʻz mamlakati jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotishiga ishonch bildirdi.
“Oʻzbekiston insoniyat sivilizatsiyasining ravnaqiga, dunyo ilm-fani va maʼrifati yuksalishiga katta hissa qoʻshgan buyuk olimlar yurti ekani bilan ham diqqatga sazovor. Hozirgi kunda ham zamonaviy Oʻzbekistonning dunyo taraqqiyotida alohida oʻrni bor”, dedi Maksim Boyyo.
Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar “Oʻzbek bogʻi” bilan yaqindan tanishib, ekilgan koʻchatlarga katta qiziqish bildirishdi. Ular ushbu bogʻ tez orada tuluzaliklar va shahar mehmonlarining eng sevimli maskanlaridan biriga aylanishiga umid bildirishdi.
“Oʻzbekiston hukumati koʻmagida tashkil etilgan «Oʻzbek bogʻi”ning ochilish marosimida ishtirok etganimdan juda xursandman. Ushbu majmua albatta shaharimiz koʻrkiga koʻrk bagʻishlaydi. Buning uchun Samarqand viloyati hokimligi va Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasiga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu bogʻ nafaqat “Oʻzbek bogʻi”, balki Oʻzbekiston-Fransiya oʻrtasidagi “Doʻstlik bogʻi” ham boʻlib qoladi.
Tuluza botanika bogʻi shahar markazidagi 3 gektar maydonda barpo etilgan. Unda dunyoning turli mintaqalaridan olib kelingan noyob koʻchatlar ekilgan. “Oʻzbek bogʻi” botanika bogʻining 400 kv. metr maydonida yaratildi. Bogʻ hududida Oʻzbekistondan olib kelingan noyob koʻchatlar, jumladan, Turkiston chinori, Turkiston doʻlanasi, olchasimon olxoʻri, bodom, gilos va oʻrik koʻchatlari ekildi.
Maʼlumot oʻrnida shuni ham qayd etish joizki, 2019-yili Fransiyaning Ruey Malmezon shahrida Buxoro viloyati hokimligi koʻmagida “Oʻzbek bogʻi” yaratilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring