Fransiyada koronavirus bilan bogʻliq yangi holatlar rekord darajada koʻpaymoqda
Fransiyada 10-sentyabr kuni deyarli 10 ming kishiga COVID-19 tashxisi qoʻyildi. Bu Fransiyada koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri kunlik qayd etilgan kasallanishlar boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich boʻldi.
Bundan bir kun avval Fransiya vazirlar mahkamasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mamlakatda mazkur kasallikning tarqalishiga chek qoʻyish uchun yangi,hududiy cheklovlar oʻrnatilishi haqida gap borgandi.
Sogʻliqni saqlash rasmiylarining xabar qilishicha, payshanba kuni Fransiyada 9843 kishining koronavirusga chalingani aniqlandi. Mamlakatda sentyabr oyining boshidan beri yangi kasallanganlar oʻrtacha 7292 kishini tashkil qilmoqda. Bu koʻrsatkich avgust oyida 3003 kishi edi.
Ayni paytda Fransiyada koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 353 944 kishini tashkil qilmoqda. Shuningdek, COVID-19 qurbonlari payshanba kuni yana 19 kishiga koʻpayib, umumiy hisobda 30 813 nafarga yetgan.
Eslatib oʻtamiz, Fransiya koronavirusga chalinganlar boʻyicha dunyoda oʻn toʻrtinchi oʻrinda, undan vafot etganlar boʻyicha esa yettinchi oʻrinda turibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring