Fraksiya ustuvor vazifalarni belgilab oldi

13:21 21 Dekabr 2022 Siyosat
662 0

2022-yil 21-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson, uning qadr-qimmati va manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib kelmoqda. Shu jihatdan davlatimiz rahbarining 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berish taklifi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

Murojaatnomada davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etish, ijtimoiy sohani rivojlantirish bilan birga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholi salomatligini saqlash sohasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani haqida soʻz yuritilar ekan, nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham oʻylash zarurligi qayd etildi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari ekologik muammolarni bartaraf etishda mahallaning rolini kuchaytirish masalasiga toʻxtalar ekan, tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelasi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligi, ekologik holatni yanada yaxshilash uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash boʻyicha saʼy-harakatlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Deputatlar tomonidan aytib oʻtilganidek, yurtimizda barqaror rivojlanishning asosiy omillaridan biri boʻlgan ekologik xavfsizlik masalasiga alohida ustuvor yoʻnalish sifatida qaralmoqda. Shu bilan birga uning huquqiy asoslari, moliyaviy manbalari va aniq vazifalar belgilab berilmoqda.

Yigʻilish davomida fraksiya aʼzolari tomonidan Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish, unda belgilab berilgan vazifalarni parlament nazorati shakllaridan foydalangan holda sifatli ijro etilishi yuzasidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida fikrlar bildirilib, fraksiya oldidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yigʻilishda shuningdek, “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama etildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda barcha sohalar qatori soʻnggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha dasturlar va tadbirlarni moliyalashtirish belgilab berilmoqda.

Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida sugʻorish tizimlarini joriy etish uchun 50 mlrd. soʻm, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etishga 120,0 mlrd. soʻm, sugʻoriladigan yerlarning shamol eroziyasiga va suv xoʻjaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish uchun 88 mlrd soʻm ajratilishi deputatlar tomonidan ijobiy baholandi.

2023–2025-yillardagi byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida “Yashil byudjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy qilish yoʻnalishi Oʻzbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsadlariga toʻla hamohang ekanligini xalq vakillari tomonidan qayd etildi.

Yigʻilish qatnashchilari taʼkidlanganidek, “Yashil byudjetlashtirish” tizimining joriy etilishi iqlimning ijobiy oʻzgarishiga taʼsir qiluvchi hamda ekologik holatni yaxshilash borasidagi tadbirlar bilan byudjet oʻrtasidagi bogʻliqlik darajasini aniqlash imkonini berishi va bu boradagi byudjet xarajatlarining ochiqligini, jamoat va investorlarning xabardorligini taʼminlashi, shuningdek yashil iqtisodiyot xarajatlariga ustuvor ahamiyat berish orqali xarajatlar samaradorligini va natijadorligini oshirish mumkin.

Deputatlar tomonidan 2030-yilgacha boʻlgan davrda “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini izchil amalga oshirish lozimligi bildirildi hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli foydalanilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratni oʻrnatishga kelishib olindi. Qonun loyihasi qoʻllab-quvvatlandi hamda fraksiyaning tegishli qaror qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер