Finlyandiya va AQSH mudofaa sohasida faol hamkorlikni nazarda tutuvchi shartnoma imzoladi
Illyustrativ foto
Finlyandiya Mudofaa vazirligi amerikalik harbiylarga hudud berish boʻyicha AQSH bilan ikki tomonlama mudofaa shartnomasini imzoladi. Bu haqda “Helsingin Sanomat” nashri xabar tarqatdi.
Shartnoma imzolanish haqida Finlyandiya Mudofaa vaziri Antti Xakkanen maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, kelishuvda Amerika qoʻshinlari foydalanishi mumkin boʻlgan 15 ta hudud koʻrsatilgan. Shu bilan birga, AQSHning doimiy harbiy bazalarini yaratish haqida gap yoʻq.
Vazirning taʼkidlashicha, obyektlar va hududlar butun Finlyandiya va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida mudofaaning barcha sohalarida faol hamkorlikni taʼminlaydigan tarzda belgilangan. Biroq, unga koʻra, Amerika qoʻshinlari Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan harbiy obyektlardan foydalana olmaydi.
Shu yilning oktyabr oyi oxirida tomonlar mudofaa sohasida hamkorlik bitimlarini imzolashga kelishib olgani maʼlum boʻlgandi. Qayd etilishicha, kelishuv AQSH Kongressiga Finlyandiya harbiy infratuzilmasiga sarmoya kiritish huquqini beradi.
Finlyandiya Rossiya bilan chegarada qoʻshinlar guruhini kuchaytirayotgani haqida xabar tarqatilgandi. Buning uchun Yevropa Ittifoqining (YI) tashqi chegara xavfsizligi agentligi “Frontex” Rossiya bilan chegara nazoratini kuchaytirish uchun Finlyandiyaga xodimlarini yuborgani, ular mamlakatning sharqiy chegaralarida ikki oydan koʻproq vaqt davomida qolishi maʼlum qilingandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring