Fermer xoʻjaligi rahbari Muzrabot tumani hokimi lavozimini egalladi
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
Alisher Qurbonov Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25-sentyabr kuni Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazilgan. Sessiya ishida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirok etib, shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismoilov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganligini maʼlum qilgan.
Viloyat hokimi shuningdek, Qurbonov Alisher Qurbonovich nomzodini Muzrabot tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirgan. Shu tariqa nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullangan.
Maʼlumot uchun, Alisher Qurbonov 1973-yilda Muzrabot tumanida tugʻilgan. 1995-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini, 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi – iqtisodchi-tashkilotchi, yurisprudensiya.
Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda hamda xususiy sektorda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Qurbonov “Amirqulbobo KAA” fermer xoʻjaligi rahbari boʻlib faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring