Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish: muammo va yechimlar

09:51 29 Sentyabr 2023 Jamiyat
677 0

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Gʻ.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti, Respublika ilmiy-tadqiqot institutlari, Oʻzbekiston Respublikasi FVV Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Respublikasi FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Chirchiq Oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti yosh olimlari va boshqa nodavlat tashkilotlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad –– mamlakatimizda soʻnggi yillarda favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi tabiiy, texnogen jarayon va hodisalarni monitoring va prognozlash, ehtimoliy oqibatlarini bartaraf etish borasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar tahlili, mavjud muammolar hamda ularning yechimi toʻgʻrisida asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Anjumanni Akademiya boshligʻi, general-mayor Ravshan Haydarov ochib, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy oʻsish, ayniqsa, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini, ilm-fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning mustahkam asoslari yaratilayotgani, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan dolzarb muammolarni soha mutaxassislari tomonidan zamonaviy inovatsion texnologiyalar asosidagi yechimini topish va ilmiy izlanishlar olib borishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini va ijroga qaratilayotganligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz” deya taʼkidlagan soʻzlari eʼtirof etildi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2022-yil sodir boʻlgan tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar 131 tani tashkil etgan. Oqibatda 287 nafar inson halok boʻlgan, 297 nafari jabrlangan. Shundan, tabiiy xususiyatdagilari 55 tani, halok boʻlganlar 127 nafarni, jarohat olganlar 88 nafarni tashkil etgan. Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yongʻinlar tashkil etgan. Yongʻinlar 10 ming 260 tani tashkil etib, 7 ming 587 tasi (umumiy yongʻinlarning 73,9 %) aholi yashash sektoriga toʻgʻri keladi. Yongʻin oqibatida halok boʻlganlar 107 nafar, jarohat olganlar 177 nafarni tashkil etadi. Yongʻinlar kamayib borish tendensiyasiga ega boʻlsada, moddiy zarar miqdori ortib borayotganligi qayd etib oʻtildi.

Anjumanda soʻzga chiqqanlar, iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani bois, favqulodda vaziyatlar paydo boʻlish xavfini yanada oshirayotganiga eʼtibor qaratib, turli ijtimoiy va iqtisodiy obyektlarda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ularni bartaraf etishdagi muammolarni yechimini topish, xavfsizlikni taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni qoʻllash samaradorligini oshirishda qoʻl keladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.

Anjuman doirasida yosh olimlar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan ixtirolar, innovatsion ishlanmalar boʻyicha maʼruza bilan chiqishlari va ularning namoyishlari, ishlanmalar koʻrgazmasi hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi anjuman qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.

Anjuman yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan vazirlik
va idoralardan tashif buyurgan maʼruzachilarga hamda faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma va sertifikatlar hamda esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, dolzarb mavzudagi mana shunday anjumanlarning yuqori saviyada tashkil etishilishi orqali sohada mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash, ilmiy muhokama etish, hal etish yoʻllari boʻyicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Farhodjon XOʻJAYEV,

Akademiya katta oʻqituvchisi, mayor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер