Farzand azizmi yoki avtomashina?
Kimlardir tirnoqqa zor boʻlib yurgan bir paytda farzandlarini xor qilib qoʻyayotgan ayrim yurtdoshlarimiz ham yoʻq emas. Oilaviy nizolar tufayli ajrashayotgan er-xotinlar oʻrtasidagi aziyat aksariyat hollarda farzandlar chekiga tushmoqda. Qolaversa, ularning taʼminoti oxir-oqibat ayolning zimmasida qolyapti. Bu esa, otalarning oʻz majburiyatini bajarmasligi natijasida yuzaga kelayotgani sir emas.
Ana shunday zamondoshlarimizdan biri Azamatjon Arslonov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgach, 2017-yilning 19-iyul kuni fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa tumanlararo sudining qaroriga binoan ikki nafar farzandlari uchun aliment toʻlashi belgilab qoʻyilgan. “Mehr koʻzda” deganlari rost ekan. Oila parokandalikka yuz tutgach ota ham jigarbandlari oldidagi masʼuliyatni tan olgisi kelmadi. Shu bois huquqiy idoralarning bir necha marotaba ogohlantirishlariga qarama voyaga yetmagan farzandlarini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlab yurdi. Bu orada toʻlanmagan aliment miqdori 30 million soʻmga yetdi.
Shu yilning 18-avgust kuni Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdor otaga tegishli boʻlgan «Matiz» rusumli avtomashina xatlab qoʻyildi. Transport 36 million 705 ming 715 soʻmga baholandi va davlat ijrochisining qaroriga asosan 9-sentyabr kuni elektron onlayn-auksion savdosi orqali sotuvga qoʻyildi. Buni qarangki, avtomashinasidan ayrilib qolishni istamagan ota 26-sentyabr kuni bolalari uchun toʻlashi kerak boʻlgan mablagʻni olib keldi.
Haqli savol tugʻiladi: inson uchun farzand azizmi yoki mulk? Biz qachondan buyon bir-birimizga boʻlgan mehr-oqibatni jonsiz matohdan yuqori qoʻyadigan boʻldik? Biz oʻzi qayoqqa qarab ketyapmiz? Odimlayotgan soʻqmogʻimiz boshlab boradigan manzilda nima kutib turibdi? Har bir inson shu kabi savollarni oʻziga bermogʻi va unga javob topmogʻi kerak. Toki, inson shaklidagi shaytonga aylanib qolmaylik.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring