Farrux Zokirov ijodi keng targʻib qilinadi
“Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.
Qarorga koʻra, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga (Maktab) Farrux Zokirov nomi beriladi.
Maktabda:
- “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;
- Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yoʻnalishi boʻyicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi;
- Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida ragʻbatlantirib boriladi;
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
- 2026/2027 oʻquv yilidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va sanʼat maktabining iqtidorli oʻquvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda taʼtil davrida yozgi toʻgarakka jalb etilib, estrada xonandaligi boʻyicha maxsus bepul kurslarda oʻqitiladi;
- 2026/2027 oʻquv yiligacha zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan taʼminlanadi;
- Maktab va yozgi toʻgarakka jalb qilingan oʻquvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring