Farmatsevtika sohasining 17 nafar mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan
Foto: Illustrativ foto
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha Vakil devoni xodimlari tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va uning tashkilotlarida 2021-yil va 2022-yilning oʻtgan davrida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarda 388 ta holatda tadbirkorlik subyektlari huquqlarining buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Jumladan, 42 ta holatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirish oʻtkazish bilan bogʻliq qonunchilik talablari buzilgan.
Xususan, Fargʻona (14 ta), Qashqadaryo (12 ta), Namangan (4 ta), Toshkent (1 ta) viloyatlari hamda Markaziy apparat (11 ta) xodimlari tomonidan bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini koʻrib chiqishda 299 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, 28 ta holatda tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
Qayd etilgan kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 17 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Yuqoridagilardan tashqari, 49 ta holatda tadbirkorlarga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, prekursorlarni olib kirish va olib chiqish uchun sertifikat berishda Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli Qarorida belgilangan muddatlar kechiktirilganligi, 74 ta holatda “DARMON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan arizalar boʻyicha birlamchi (dastlabki) ekspertiza oʻtkazish muddati buzilganligi aniqlangan.
Oʻrganish yakuni boʻyicha sohada qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida Agentlik rahbariga taqdimnoma kiritildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring