Farmatsevtika sohasida Afgʻoniston bilan hamkorlik aloqalari kengayadi
Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston Islom Amirligi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Kobul shahrida boʻldi.
Xalqaro biznes markazida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov rahbarligidagi bir guruh soha masʼul xodimlari ham ishtirok etdi. Bu yerda 300 dan ortiq tibbiy mahsulotlar namoyish qilindi.
Shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida “B2B” formatidagi uchrashuvlar oʻtkazilib, muzokaralar olib borildi. Koʻrgazmada 4000 ga yaqin tibbiy mahsulotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi.
Afgʻoniston sogʻliqni saqlash vazirligi Farmatsevtika xizmati direktori Hamid Formuloy tomonidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dori preparatlari va mahsulotlarini Afgʻonistonga yetkazib berish borasida roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtirish boʻyicha takliflar berildi.
Bu masalada tibbiy mahsulotlarni roʻyxatga olish vakolatiga ega boʻlgan Afgʻoniston oziq-ovqat va dori vositalari milliy uyushmasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatiladigan boʻldi.
Uchrashuvlar doirasida Afgʻoniston tadbirkorlar maslahat kengashi sogʻliq masalasi boʻyicha oʻrinbosari doktor Muhammad Hoshim Vahaaj bilan ushbu mamlakatdagi xususiy shifoxonalarga dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnikalarni yurtimizdan import qilish, bemorlarni Oʻzbekistonga davolashga yuborish masalasi muhokama etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring