Fargʻonaning “Lola”si
Lola — gullarning malikasi. Nafis, goʻzal, viqorli. Psixologlarning fikriga koʻra, lola gulini yoqtiruvchilar oʻta uddaburon, moslashuvchan kishilar boʻlib, hayotda uchraydigan qiyinchiliklar ularning irodasini bukolmas ekan.
Lola — gʻayratli, oʻziga ishongan, uncha-munchani tan olmaydigan kishilar guli. Fargʻonalik mashhur fermer Lolaxon Murotovaning taqdir yoʻllari, kechmishi va shaxsiga nazar tashlab, nafaqat bu gulni sevuvchilar, balki ismi Lola atalgan ayollar ham shu sifatlarga ayni mos ekanini anglab, hayratlanaman. Hech bir ish hikmatsiz boʻlmas...
Lola Murotova baʼzan dalasi yoki bayram tadbirlarida atlas koʻylakda suratga tushganida, uning nafis va munis qalbini his etasiz. Ammo u bunday poʻrimlikdan oʻngʻaysizlanadi. Bir zumda oʻzining odmi chit koʻylagini kiyib, boshiga oq durrasini oʻrab oladi. Onasiga ichikkan boladek yana dalalari quchogʻiga oshiqadi.
Lola opaning peshonasiga bir umr yerni ardoqlash, elni sevishdek muqaddas yumush yozilgan ekan. U esini tanibdiki, tuproqqa talpinadi. Ona yerni sarishta qilib farogʻat topadi, gulu rayhonlar ekib yerni eʼzozlaydi.
Shoirona taʼbir bilan aytganda, Lola Murotova Momo yer qizi. Uning asl va bebaho farzandi. Yarim asrdirki, u yer koʻzini ochadi. Dalalarga beqasam toʻn kiydiradi. Erta koʻklamda bir hovuch tuproqni kaftida siqimlab, yer uygʻonishidan qalbida allaqanday kuchni sezadi. Bu — Yer sevgisi. Hayotda unga ato etilgan neʼmatlarning eng aʼlosi — Yer.
Qadimgi “Avesto” kitobida yangi yerlarni oʻzlashtirgan dehqon xuddiki oila qurib, bir etak farzandlar tarbiyalagan insonga qiyoslangan. Qaqnus qushday oʻtda kuymas iroda sohibasi ham hayotning turli sinovli onlari, taqdir zarbalariga dosh berib, komillik martabasiga yetishdi. «Nurliobod» fermer xoʻjaligining rahbari bugun ushbu choʻl hududlarni oʻzlashtirishda, asosan, oʻzi bosh-qosh boʻlgan 500 gektardan ortiq yerning mulkdori.
Yerning ham joni bor, u ham eʼtibor va parvarishga muhtoj. Injiq bahorlar, olovli yozlar, sovuq qorlar uning holatini oʻzgartiradi. Baʼzan shoʻrlanadi. Baʼzan suvga tashna boʻladi. Lolaxon opa tuproq tilini bilgani uchun uni kuylatishga, soʻzlatishga ham qodir ayol. Paxtasi, gʻallasi hamisha hosilga toʻlib pishishining boisi shu.
Markaziy Fargʻona yerlarida Qoʻqon shamoli yilning toʻrt faslida ham dehqonga aslo tinchlik bermaydi. Shamol och boʻridek uvillab, qum barhanlari dalalarga toʻfon boʻlib sochiladi. Bulutlar podasi Magʻribdan Mashriqqa qadar sel, jala va yomgʻirlari bilan “sayr” qilib oʻtadi. Noqulay ob-havo elning rizq-nasibasini yaratish uchun Yaratganga tunu kun iltijo qilishga undaydi. Mashhur fermer tuproqni yaqinda yorib chiqqan ramaqijon chigit nihollarini kaftlari orasiga olib, “kuh-kuh”lab isitadi. Bugʻdoy boshoqlari avji hosil salmogʻini oshirish davrida shamol va yomgʻir taʼsirida yonboshlab oladi. Shu tariqa inson va tabiat oʻrtasida hayot-mamot kurashi davom etadi.
— Choʻl havosi juda ham oʻzgaruvchan, — deydi Lola opa. — Kutilmaganda boʻron borliqni oʻz zabtiga oladi, bir ozdan soʻng chelaklab sharros yomgʻir quyadi. Bu yerlarda kutilgan hosilni olish uchun dehqonchilikning toshdan va temirdan qattiq nonini yeyishga chidash kerak. Yuragingiz botir boʻlmasa, bu yerlarda dehqonchilik qilmagan maʼqul.
Aslida tabiat baʼzi-baʼzida ana shunday yengillab olishi ham zarur. Qani edi, inson ham xuddi tabiat singari qalbidagi gʻuborlarni yuvib, tozalab tura olsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.
Lola Murotova nafaqat zukko dehqon, shu bilan birga zoʻr iqtisodchi. Toʻgʻri, bir qarashda uning hayotiy falsafasi juda ham jaydari. Lekin hisob-kitobi aniq va puxta. Nafsini jilovlab olgan, har bir soʻmni joy-joyiga ishlatadi. 2020-yilda ham fermer xoʻjaligi aʼzolari 347 gektar yerda parvarishlangan gʻallaning har gektaridan rejadagi 46 sentner oʻrniga 70 sentnerdan ortiq hosil olishga erishdi. Har gektar yerdan olingan hosildorlik oʻtgan yildagiga nisbatan 20 sentnerdan koʻproqni tashkil etdi. Davlatga rejadagiga qaraganda 400 tonnadan ziyod gʻalla topshirildi.
— Manzura, qani bitta achchiq koʻk choy damlab kel-chi! — deya yordamchisiga yuzlanib, belidagi qiyigʻiga peshonasidan oqayotgan terlarini artib, opa koʻrkam shiypondagi supaga oʻtiradi. — Rejani bajara olmagan qoʻshni fermerlar bugʻdoyni bozor narxida sotib olishga naqd pul taklif qilishdi. Ammo bilasan, men hech qachon bugʻdoy, paxta sotmayman. Undan koʻra belgilangan narx boʻyicha davlatga topshiramiz, kerak boʻlsa, bugungi pandemiya sharoitida rejadan ortiqcha bugʻdoyni davlatga bepul beramiz. Shunday qildik ham.
Opadagi mardlik, tantilik ancha-muncha erkak fermerlarning ham qoʻlidan kelmaydi. Markaziy Fargʻona yerlarida paxta hosilini zararli hasharotlardan saqlab qolishning oʻzi bir sanʼat. Qoʻshni fermerlar hasharotlarga qarshi kurashish uchun choʻntagidagi mablagʻni sarflashni istamay bugʻdoy daromadi, somon va takroriy ekinlardan keladigan foydani kutadi. Lola opa esa hasharot terishga oʻn million sarflash kerak boʻlsa, shu bugun shuncha pulni hech ikkilanmay aʼzolariga naqd sanab beradi. Bu pulning hisob-kitobini bilmaslikdan emas. Hamma gap uning “yerni boqsang, yer seni boqadi”, degan qadim, lekin hech qachon eskirmas hayotiy naqlga amal qilish odatiga sodiqligida, xolos.
Lola opa lanjlanib oʻtirishni yomon koʻradi. Shu agrotexnik tadbir uchun mablagʻ ajratish kerakmi, tamom, oraga boshqa gap sigʻmaydi. Viloyat hokimi, vazirlik va idoralar rahbarlariga ham Markaziy Fargʻona hududiga xos shoʻrlanish, sugʻorish, hosildorlik salmogʻini oshirish bilan bogʻliq muammolarni dangal aytib, masalani koʻndalang qoʻyadi. Shuning uchun ham hududdagi fermerlar biror-bir jiddiy muammoni hal qilish uchun Lola opaning atrofida girdikapalak boʻlishadi. Uning faqat oʻziga yarashadigan chapani feʼl-atvori, yangiliklar qilishdan qoʻrqmasligi shunday paytlarda rosa ish beradi.
Bir paytlar Polosonning tor va diqqinafas jin koʻchalarida tengdoshlari bilan toʻptosh oʻynab yurgan sochlari jingalak qizaloq yillar oʻtib, Oltiariq, Fargʻona, Oʻzbekiston Lolasi sifatida eʼzozlanmoqda. Bugun fermerlik harakatida Lola Murotova yoshlarga ibrat maktabi, oʻziga xos timsol boʻlayotgani ayni haqiqat. Dorilamon kunlar ortidagi armonlar esa faqat oʻziga, mehri daryo qalbiga ayon. Uning sokinlikka yoʻgʻrilgan sukunati boʻronlar, toʻfonlar qudratini yashirgandek goʻyo.
Lola Murotova bir umr ona zaminga taʼzim qilib, tuproqday xokisor boʻlib, oʻzi ham tobora aziz va mukarram boʻlib borayotgan fidoyi hamyurtlarimiz sirasiga kiradi. Azamat xalqimiz, donishmand Yurtboshimiz esa bunday fidoyi farzandlarini hamisha boshi uzra baland koʻtaradi.
Lola gullarning malikasi boʻlsa, Lola Murotova oʻzbek ayollarining malikasidir.
Sevara ALIJONOVA.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring