Fargʻonaning asrlar davomida qarovsiz yotgan hududida “Yangi Oʻzbekiston” dahasi qad rostlamoqda

13:33 31 May 2024 Jamiyat
345 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bunyodkorlik va yaratuvchanlikning ulugʻ qudrati tufayli keyingi ikki yilda asrlar davomida qurib-qaqshab, bir giyoh unmay yotgan Fargʻona tumanining Mindonobod mavzesida “Yangi Oʻzbekiston” dahasi qad rostlamoqda.

Zamonaviy shaharcha “Fargʻona – Vodil” katta avtomobil yoʻli boʻylab yastanib yotgan Mindonobod adirliklariga oʻzgacha chiroy, muhtashamlik baxsh etayotir. Oʻtgan qisqa davrda umumiy maydoni 20 gektardan ortiq boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” dahasida 990 oʻrinli bitta maktab, har biri 120 oʻrinli ikkita maktabgacha taʼlim tashkiloti, 1428 xonadonga ega boʻlgan 5,7 qavatli 33 ta koʻpqavatli energiya tejamkor uy-joy hamda 50 qatnovga ega boʻlgan oilaviy poliklinika qurib bitkazilyapti.

Yangi daha qurilishi uchun Mindonobod hududi tanlab olingani bejiz emas. Boisi dengiz sathidan 540 metr balandlikda joylashgan hudud musaffo ob-havosi bilan eʼtiborga loyiq. Bu yerda yoz saratonida ham mayin shabboda epkinidan dilingiz yayraydi. Yangi uylar, xizmat koʻrsatish tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlari energiya tejamkor boʻlib, isitish va yoritish tizimlari toʻliq quyosh panellari yordamida ishlaydi.

Oʻziga xos meʼmoriy yechimga ega va landshaft arxitekturasi asosida shaharchada 4 gektar maydondagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga ming tupdan ortiq manzarali daraxtlar ekildi. Bogʻ hududida sayilgoh, dam olish maskani, koʻngilochar oʻyingohlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurilishi ham rejalashtirilgan.

— Yangi uylar yosh oilalarga maqbul narxlar hamda uzoq muddatli kredit asosida berilayotgani uchun juda ham xaridorgir, — deydi “Imorat qurilish invest” MCHJ rahbari Ahatjon Yoqubov. — Chunki mahalkiy iqlim sharoiti, aholining turmush darajasidan kelib chiqib bunyod etilayotgan uylarda hamma qulayliklar mujassam.

Hozirda yangi koʻchib kelgan oilalarning farzandlari bogʻchaga qatnayapti, oilaviy poliklinika va maktabda ham soʻnggi pardozlash ishlari olib borilyapti. Xizmat koʻrsatish, savdo va servis tarmoqlari ham faoliyat boshladi.

Uy oluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Fargʻona tumani hokimligi binosida “Ipoteka markazi” tashkil etilgan. Markazda bank krediti, subsidiya ajratish, imtiyozlar bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari toʻliq qamrab olingan.Bu borada mamlakatimiz hududlari orasida yetakchilardan biri boʻlgan Fargʻona tumanida soʻnggi besh-olti yilda 70 dan ziyod koʻp qavatli va 230 ta namunaviy loyihadagi uy-joylar qurildi. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-dekabr kungi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirgani eʼtiborga sazovordir.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер