Fargʻonalik yoshlar Germaniyada kafolatlangan shartnoma asosida ishlaydi

14:41 18 Oktyabr 2024 Jamiyat
200 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahrida bundan uch yil oldin faoliyat boshlagan nemis tilini oʻqitish markazida hozirgi kunda 1300 nafarga yaqin yigit-qizlar til oʻrganmoqda.

Nemis tilini oʻrgatish markazida Yoshlar ishlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Germaniyada oʻqish, ishlash istagidagi tinglovchilarga olti oylik oʻqitish xarajatlari agentlik mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

Ayni paytda til oʻrgatish markazi tomonidan Germaniyadagi 20 ta kompaniyalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Birgina joriy yilning oʻzida olti oylik kursni muvaffaqiyatli tamomlagan 700 nafar yoshlar huquqiy jihatdan toʻliq kafolatlangan shartnoma asosida ishlash uchun ushbu yurtga joʻnatildi.

Yaqinda bir haftalik tashrif davomida Yoshlar ishlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi hamda til oʻrgatish markazi mutaxassislari Germaniyaning 5 ta hududida boʻlib, hamyurtlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi hamda ish beruvchilar bilan suhbatlashdi.

— Germaniyaning nufuzli kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan yuzma-yuz muloqotlarda ularning yaqin istiqbolga moʻljallangan reja-maqsadlari bilan tanishdik,—deydi Yoshlar ishlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Muhammadamin Gʻaniyev.—Natijada qurilish, metallurgiya, mashinasiozlik, elektrotexnika sohalarida ixtisoslashgan 20 ta kompaniya bilan yangi kelishuvlarga erishildi.

Yaqin kelajakda Geraniyadagi 40 ta ish beruvchi kompaniyaning talab va istaklariga mos malakali mutaxassislar yetkazib berishga kelishib olindi. Shu maqsadda hozirda viloyatning 19 ta shahar-tumanida toʻliq nemis tili oʻrgatish markazi filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Aytish joiz, bugungi kunda viloyatda ushbu markazning 10 ta filiali mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер