Fargʻonalik oʻqituvchi ayol tanishini pichoqlab qoʻydi
Qoʻqon shahridagi 19-umumtaʼlim maktabining boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi Lola Goryacheva pichoq bilan bir kishining hayotdan bevaqt koʻz yumishiga sababchi boʻldi.
OʻzAning yozishicha, ikki nafar farzandning onasi boʻlgan bu ayol turmushidan ajrashgan. 2019-yil fevral oyida internet ijtimoiy tarmogʻidagi “Odnoklassniki.ru” sayti orqali Azamat ismli yigit bilan tanishib qoladi. Bir-biri bilan koʻrishganidan soʻng munosabatlar jiddiylasha boshlaydi.
Furqat tumanilik bu yigit mavsumiy ishlar bilan shugʻullanar, oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgani uchun hali uylanmagan edi. Lola oʻzidan ancha kichik boʻlgan Azamatni toʻgʻri yoʻlga solish oʻrniga, u bilan tobora yaqinlashardi. Baʼzida rashk tufayli ikkisi janjallashib qolardi. Muallima asta-sekin undan uzoqlashishni, kam uchrashishni boshladi. Albatta, bu yigitga yoqmadi.
2020-yil 3-noyabr kuni Azamat unga bir necha bor telefon qilib qayerda ekanligini soʻrab-surishtirdi. Lola unga qoʻngʻiroq qilmasligini aytib, telefonni oʻchirib qoʻyadi. Shu kuni soat 22:00 larda yigit mast holatda uning uyiga keldi. Ayol munosabatlarni toʻxtatish maqsadida gaplashib olmoqchi boʻlganida yigit uni arzimas bahonalar bilan urdi.
Lola uni qoʻrqitib qoʻyish maqsadida qoʻliga pichoq olib, oʻqtaldi. Qasddan urilgan tigʻ yigitning chap oyogʻini jarohatladi. Shundan soʻng Azamat tashqariga chiqib ketdi, bir necha daqiqa oʻtib eshikni taqillatsada, Lola uni uyga kirgizmadi. Yigit yarim tunda sovuqda jarohatlangan holda koʻp qon yoʻqotishi natijasida vafot etdi...
Sud tibbiyot ekspertizaning xulosasiga koʻra, marhum A.Nabiyevning chap sonida arteriya hamda mushaklari shikastlangan, sanchilgan-kesilgan yarasi boʻlib, ushbu jarohatlar hayot uchun xavfli boʻlgan ogʻir tan jarohatlar toifasiga kirishi aniqlandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudi tomonidan L.Goryachevaga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud jarayoni davomida u qilmishidan pushaymonligini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring