Fargʻonalik kitobxonlar uchun munosib tuhfa
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazi mukammal taʼmirlanib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda soha xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va faol kitobxonlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzod Polvonov, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlik madaniyati, axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida soʻz yuritib, ushbu maʼrifat maskanining zamonaviy qiyofa kasb etgani buning yaqqol tasdigʻi ekanligini taʼkidladi.
— Qariyb 14 milliard soʻm mablagʻ evaziga zamon talablari asosida taʼmirdan chiqarilgan ziyo maskanida kitobxonlar uchun barcha qulaylik muhayyo etildi, — deydi markaz rahbari Husniyaxon Shermatova. — Ayni paytda kutubxona 350 mingdan ortiq axborot-resurs fondiga ega boʻlib, bir vaqtning oʻzida 300 nafardan ziyod oʻquvchiga xizmat koʻrsatadi.
Muhtasham koʻrinishga ega boʻlgan binoda Bookafe, 5 ta oʻquv zali, ilmiy-tadqiqot, bolalar va oʻsmirlarga xizmat koʻrsatish, nodir fotosuratlar boʻlimlarida jahon andozalari darajasida sharoitlar yaratildi.
Eng nodir kitoblar alohida talablar asosida saqlanishi va ularni mutolaa qilish uchun ham barcha qulaylik mavjud. Shuningdek, xorijiy tillarda chop etilgan adabiyotlarni oʻqish uchun alohida 60 oʻrinli zal, ona va bola xonasi tashkil etildi. Bu yerda masofadan turib kitob oʻqish uchun ham zaruriy imkoniyatlar bor.
Umuman olganda, markazda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, anjumanlar oʻtkazish uchun barcha sharoitlar hozirlanib, zarur jihozlar bilan taʼminlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring