Fargʻonada “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda

13:35 14 Noyabr 2022 Jamiyat
568 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining izchil roʻyobga chiqarilishi zamonaviy bilim va keng dunyoqarashga ega avlodni kamol toptirishga zamin yaratmoqda. Biroq bugungi tahlikali zamon, Yer yuzidagi murakkab geosiyosiy jarayonlar, insonlar ongu shuuriga qaratilgan ochiq va yashirin kurashlar mamlakat kelajagini hal etuvchi kuch boʻlgan yoshlar bilan ishlashda yangi dolzarb vazifalarni kun tartibiga qoʻyayotgani ham rost.

Fargʻona viloyatida yoshlar oʻrtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, kelajagimiz vorislarini millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik hamda ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

Ezgu tashabbus doirasida Beshariq, Oʻzbekiston, Furqat tumanlarida foto va rang-tasvir asarlari koʻrgazmalari tashkil etilib, davra suhbatlarida mavzu yuzasidan qiziqarli maʼruzalar tinglandi.

— Fotokoʻrgazmalarda ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik va boshqa illatlarning salbiy oqibatlari aks ettirilgan, —deydi Furqat tumani yoshlar faoli Durdona Gʻafforova. — Shuningdek, rang-tasvir asarlarda yoshlar kamolotida ilmning oʻrni, oʻzaro doʻstlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash, diniy bagʻrikenglikni targʻib qiluvchi mavzularga keng oʻrin ajratilgani eʼtiborga loyiq.

Yuzma-yuz suhbatlarda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qadri, bilim choʻqqilarini egallash, xalqimizga xos milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanni sevish hamda jaholatga qarshi faqat maʼrifat bilan kurashish borasida yoshlarning ham fikrlari, takliflari tinglandi.

Shu yilning 21-dekabriga qadar Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlarda ayni mavzuda fotokoʻrgazmalar hamda davra suhbatlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер