Fargʻonada terrorchilik tashkiloti tarafdori boʻlgan 18 yoshli yigit qoʻlga olindi

13:11 11 Yanvar 2022 Jamiyat
1058 0

Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida yashovchi, 2003-y.t. “U.M.” internet tarmogʻi orqali yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishi natijasida, Suriyadagi “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti aʼzolari safiga qoʻshilish maqsadida 2021-yilning aprel oyida Turkiya davlatiga boradi. Lekin, u yerdan Suriya hududiga oʻta olmagach, sentyabr oyida doimiy yashash manziliga qaytib keladi. Soʻngra Qoʻqon shahri va Uchkoʻprik tumanida istiqomat qiluvchi yaqin aloqalaridan iborat yashirin “jamoat” tuzib, ular orasida “Islom davlati” terroristik tashkiloti gʻoyalarini targʻib qila boshlaydi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs oʻzining uyali telefon apparati orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan audio va video materiallarni tinglab, tomosha qilib, ularning taʼsirida “jamoat” aʼzolari orasida “jihod” hamda “shahid”likka chorlovchi audiosuhbatlar olib boradi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning ekspertiza xulosasiga koʻra, “U.M.”ning uyali telefon apparati xotirasidagi maʼlumotlar oʻzining mohiyati va mazmuni, ularda ilgari surilgan gʻoyalar jihatidan Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallar sirasiga kirib, aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan hisoblanadi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Hozirda “U.M.” va uning aloqalariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер