Fargʻonada Niderlandiyadan olib kelingan bodring hosilini Yevropaga eksport qilish rejalashtirilmoqda

10:56 17 Fevral 2026 Jamiyat
291 0

Ayni paytda Fargʻona viloyatida 260 gektardan ortiq maydonda sanoatlashgan usulda tashkil etilgan zamonaviy issiqxonalarda yil davomida mahsulot yetishtirilmoqda.

Shu kunlarda mazkur issiqxonalarning 86 gektarida pomidor, 24 gektarda bodring hamda 4 gektarda parvarishlangan bulgʻor va achchiq qalampir pishdi. Oʻz navbatida pishgan hosilni peshma-pesh ichki bozorga chiqarish hamda xorijga eksport qilinishi taʼminlanayotir. Ayni jarayonda ilgʻor agrotexnologiyalar va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanilayotgani eʼtiborga molik.

Xususan, Fargʻona tumanidagi 2 gektar adirlikda tadbirkor Alisher Akbarov tashabbusi bilan intensiv usulda barpo etilgan issiqxonada Niderlandiyadan olib kelingan serhosil va eksportbop yangi bodring navi ilk bor ekilib, mahalliy iqlim sharoitida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi. Qish-bahor mavsumida bodringdan 25 tonna hosil olishni maqsad qilgan tadbirkor uning bir qismini Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, loyiha tashabbuskori yaqin istiqbolda koʻhna qitʼaga tabiiy usulda tayyorlanadigan biooʻgʻitlar eksportini yoʻlga qoʻyishni ham maqsad qilgan.

Fargʻona viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari esa eksportbop mahsulot yetishtirishda tadbirkorlarga doimo koʻmakdosh. Issiqxona sharoitida yuqori hosil olish, oʻsimliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, fitosanitar talablarga qatʼiy rioya etish singari muhim yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy-amaliy yordam koʻrsatmoqdalar.

—Agroklasterlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda aholi tomorqalaridagi issiqxonalarda muntazam ravishda fitosanitar nazorat ishlarini olib boramiz,—deydi boshqarma tasarrufidagi fitosanitariya laboratoriyasi mudiri Abdurauf Mahmudov.—Shu maqsadda sayyor mobil laboratoriya mutaxassislari bilan birgalikda hududlarda tahlil ishlari amalga oshiriladi. Issiqxonalarda oʻsimliklardan namunalar olinib, tezkor tahlillar natijasidan kelib chiqib, hududning oʻzida amaliy tavsiya va koʻmak berishimiz mumkin.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan joriy yilning 15-yanvardan 16-fevraliga qadar mamlakatimizda “Dolzarb 30 kunlik” tadbiri eʼlon qilingan edi. Shu munosabat bilan oylik doirasida Fargʻona viloyatida ham izchil saʼy-harakatlar olib borilib, issiqxonalarda turli sabzavotlar, sitrus mevalari yetishtirishda xalqaro talab va meʼyorlarga rioya etish borasida tushuntirish-targʻibot ishlari amalga oshirildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер