Fargʻonada harbiylar uchun xizmat uylari topshirildi
Foto: Xalq so‘zi
Yangi yil bayrami arafasida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy qismlarining Fargʻona tumani hamda Quvasoy shahri hududidagi boʻlinmalarida yangidan qurilgan koʻp qavatli uy-joylar foydalanishga topshirildi.
Fargʻona tumanida amalga oshirilgan umumiy qiymati 24,8 milliard soʻmga teng qurilish ishlari natijasida uch qavatli maʼmuriy bino hamda 16 xonadonli ikkita turar joy, bolalar sport va oʻyin maydonchalari bunyod etildi.

Quvasoy shahrida esa 8,3 milliard soʻm mablagʻ hisobiga besh qavatli 48 xonadondan iborat shinam uy-joylarda harbiy xizmatchilar oilalari uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy sohada keng qamrovli islohotlar olib borilib, ayni jarayonda harbiy xizmatchilarni turar joy bilan taʼminlash, oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida quvonarli natijalarga erishilmoqda. Jumladan, Fargʻona tumani va Quvasoyda foydalanishga topshirilgan yangi xonadonlar chegarachilarni oʻz xizmat vazifalarini xotirjam, yanada sadoqat bilan bajarishda hamda Vatanimiz sarhadlarini ishonchli qoʻriqlashlarida muhim omil boʻladi.
Tantanali tadbirlarda Fargʻona viloyati hokimi, viloyat harbiy-maʼmuriy sektori rahbari Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring