Fargʻonada bundan buyon bayram tadbirlarida fonogrammada qoʻshiq aytish mumkin emas
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvda bir qator ezgu tashabbuslarni ilgari surdi.
Shu tariqa endilikda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Fayzullo Qosimov rahbarligida bayram tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha viloyat ishchi guruhi tashkil etiladi. Ishchi guruh tarkibiga viloyat madaniyat boshqarmasi masʼullari, teatrlar rahbarlari, oliy taʼlim muassasasi rektorlari, taniqli sanʼatkorlar va ijodkorlar kiritiladi. Ishchi guruh aʼzolari viloyatda oʻtkaziladigan har bir bayram tadbiri uchun yangi gʻoya va dastur, takliflarni oʻrtaga tashlab, yangi va oʻziga xos ssenariylar ishlab chiqish uchun masʼul ekanligi taʼkidlandi.
Bundan buyon viloyatda boʻlib oʻtadigan barcha tadbirlarda sahnaga chiqadigan qoʻshiqchilar va qoʻshiqlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadigan boʻldi. Shuningdek, viloyat hokimining viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qoʻshiq aytish taqiqlanishi, ijrochilar sahnada cholgʻuchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi kerakligi borasidagi taklifi sanʼat ahli tomonidan maʼqullandi.
Shuningdek, kelgusi yildan boshlab Fargʻona va Qoʻqon shahrida Respublika teatrlari festivali, mamlakatimiz va qoʻshni davlatlardagi rus teatrlari festivali oʻtkazilishiga kelishib olindi. Oʻz navbatida viloyatda yashab oʻtgan buyuk sanʼatkorlar xotirasiga bagʻishlangan Sanʼat haftaliklari, oyliklari tashkil etilishi belgilandi. Viloyat boʻylab doimiy ravishda milliy festivallar, sayllar hamda xalq oʻyinlari oʻtkazilishi haqidagi taklif ham barchaga birdek manzur boʻldi.
— Sanʼatda halol raqobat yosh isteʼdodlarni kashf etishda muhim omildir, — deydi taniqli xonanda Valijon Qodirov. — Bunday eʼtibor va ragʻbat azaldan isteʼdodlar yurti boʻlgan Fargʻonada madaniyat va sanʼat sohasi sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring