FAOni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashning navbatdagi partiyasi Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari aholisiga yetkazildi
Foto: "Xalq so'zi"
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlaridagi aholi xonadonlariga jami 20 ta motokultivator topshirildi. Benefitsiarlar mahalliy hokimliklarning tavsiyalari asosida tanlab olindi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq ularga boshqa qishloq xoʻjaligi texnikalari – Qashqadaryo viloyatidagi aholi xonadonlariga 20 ta suv nasosi va 10 ta qoʻl purkagich, Buxoro viloyatidagi xonadonlarga 10 ta motorli burgʻulash uskunasi, 10 ta qoʻl purkagich va 10 ta suv nasosi topshirilgan edi.
Tadbir “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida yerdan yanada samarali foydalanish va yuqori daromad olish uchun qishloq hududlaridagi uy xoʻjaliklarini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etildi.
– Topshirilgan jihoz va uskunalar tomorqa yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi, bu esa oʻz navbatida ularning egalarini ish bilan taʼminlash va daromadlarini oshirish imkonini beradi. Bu loyihaning maqsad va vazifalariga mos keladi,– deydi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
Bundan tashqari, CACILM-2 loyihasi doirasida Buxoro choʻl yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi eng zamonaviy laboratoriya jihozlari, jumladan, laboratoriya tarozilari, anemometr, burgʻulash uskunasi, refraktometr, shuningdek, motokultivator va kichik oʻt oʻrgich mashinasi bilan taʼminlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish maqsadida ilmiy-tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash ham loyiha missiyasiga toʻliq mos keladi.
Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish boʻyicha amaliyotlar koʻlamini kengaytirish “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Oʻzbekistonda bu loyiha Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning milliy hamkorlari – Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurgʻoqchilik va choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi va BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qoʻshmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring