FAO Fargʻona vodiysida asalarichilik salohiyatini oshirishiga koʻmaklashmoqda

18:14 15 Iyun 2023 Iqtisodiyot
762 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi va Toshkent Davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqoʻrgʻon tumanlari, shuningdek, Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi qishloq aholisi uchun asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha treninglar tashkil qilinmoqda.

Oʻquv tadbirlari “Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha jamoasi vakillarining fikriga koʻra, asalarichilarning salohiyatini oshirish tarmoq samaradorligini va loyiha hududlaridagi aholining daromadlarini oshirishga yordam beradi, shuningdek, chegara hududlarida oʻzaro hamkorlik qilish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega boʻlgan soha hisoblanadi.

Mashgʻulotlar 14-15-iyun kunlari Namanganda boʻlib oʻtdi va 17-iyun kuni Andijonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilarning umumiy soni loyiha hududlaridagi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari orasidan tanlab olingan 100 nafarga yaqin kishini tashkil etadi. Fargʻona vodiysi aholisi uchun asalarichilik har doim qishloq xoʻjaligining istiqbolli tarmoqlaridan biri va yuqori daromad manbai hisoblanib kelingan. Shu bilan birga, bugungi kunda mahalliy aholining asal ishlab chiqarishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotir. Koʻpchilik bilim va tajriba orttirish, ushbu foydali biznesning soʻnggi jarayonlari haqida bilishni istaydi. Ammo har doim ham bunday imkoniyat mavjud emas. Shuning uchun ham mahsuldorlik va daromadni oshirishda taʼlim asosiy rol oʻynaydi.

FAO tomonidan tashkil etilgan asalarichilik boʻyicha treninglarda ishtirokchilar asalarichilik boʻyicha asosiy bilimlarga ega boʻldilar, kelajakda asalarichilik xoʻjaliklarini kengaytirish va daromadlarini oshirish imkonini beradigan zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdilar. Treninglarda asalari oilalarini parvarish qilish boʻyicha mavsumiy ishlar, ekinlarni asalarilar bilan changlatish usullari, turli xil asalari zotlarining xususiyatlari, asalarichilik mahsulotlari va ularga qoʻyiladigan standart talablar, shuningdek zararkunandalarga qarshi kurash usullari va asalarichilik kasalliklari kabi yoʻnalishlarda maʼlumotlar berildi. Ekotizim salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda asalarilar va boshqa changlatuvchi hasharotlar muhim rol oʻynashi qayd etildi. Ular biologik xilma-xillikni saqlashga yordam beradi va toʻyimli oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun muhimdir.

Taʼkidlash joizki, FAO Oʻzbekistonda asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, FAOning 2019-2021-yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan “Asalarichilikni barqaror rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida asalarichilar uchun innovatsion axborot almashish tizimi ishlab chiqilgan. Bu foydalanuvchilarga asalarichilik ishlari uchun barcha kerakli oʻquv va statistik maʼlumotlarni onlayn tarzda taqdim etadigan mobil ilova hisoblanadi.

“Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibining Tinchlik qurish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) tomonidan BMTning Qoʻshma dasturi sifatida amalga oshirilmoqda. Loyiha Fargʻona vodiysidan oʻtuvchi chegaraning har ikki tomonida qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish orqali yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegara hududlarida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер