FAO eksperti Oʻzbekistonda “aqlli dehqonchilik”ni joriy etish natijalarini baholadi

02:09 25 Oktyabr 2022 Iqtisodiyot
697 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona vodiysidagi mehnatkash fermerlarning issiqxona sohasida erishgan natijalari BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) sabzavot yetishtirish boʻyicha xalqaro eksperti Leone Maloketti Lombida katta taassurot qoldirdi. Shuni taʼkidlash kerakki, ularning issiqxonalari Oʻzbekiston qishloqlari aholisining tomorqalarida koʻp uchraydigan issiqxonalardan emas. Ular FAO va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligining “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” doirasida ilmiy yondashuv va ilgʻor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilingan. Loyiha 2021-yilda ishga tushirilgan boʻlib, issiqxonalarda hosil yetishtirishning yangi usullarini joriy etadi, bu esa, hosildorlikka va shunga mos ravishda olinadigan foydaga taʼsir qiladi. FAO eksperti Oʻzbekistonda “aqlli fermerlik” qanchalik samarali amalga oshirilayotganini baholash uchun 2022-yil oktyabr oyida benefitsiarlarning obyektlariga tashrif buyurdi.

Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi 20 ta tomorqa yer egalari benefitsiarlar hisoblanadi. Oʻtgan yil davomida FAO koʻmagida ular issiqxona xoʻjaligini muvaffaqiyatli biznesga aylantira oldi. Loyiha doirasida fermerlarga issiqxona uchun maxsus qoplamalar, dezinfeksiyalovchi pol qoplamalari va qoʻsh eshikli tizimlar, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashish, yoritishni nazorat qilish, oʻgʻitlarni qoʻllash, oʻsimliklarni changlatish va suvni boshqarishning yangi va mukammal usullari taqdim etildi va oʻrnatildi. Bundan tashqari, loyiha davomida FAO tomonidan issiqxona egalariga xoʻjalikni yangi usul va texnologiyalar asosida yuritishni oʻrgatish maqsadida turkum treninglar tashkil etildi.

“Loyiha jamoasi va men 20 nafar benefitsiarning barchasiga tashrif buyurdik va ishonch bilan aytishim mumkinki, loyiha Oʻzbekistonda juda samarali amalga oshirilmoqda. Taqqoslash uchun aytaman, issiqxonani modernizatsiya qilish boʻyicha taʼlim va koʻmak olgan FAO loyihasi benefitsiari 206 kilogramm hosil olishga erishgan boʻlsa, issiqxonada anʼanaviy usulda hosil yetishtirayotgan qoʻshnisi atigi 35 kilogramm hosil olgan. Ularning issiqxonalari hajmi jihatidan deyarli bir xil, ikkalasi ham sentyabr oyining oxirida hosilni yigʻishni boshlagan, ammo foydadagi farq taxminan 500 foizni tashkil qildi. Bundan tashqari, resurslardan foydalanishda yaxshilanish roʻy berayotganini koʻrmoqdaman — tomchilatib sugʻorishdan foydalanish bizning benefitsiarlarimizga suvni sezilarli darajada tejash imkonini beradi”, — deydi Leone Maloketti Lombi oʻz kuzatishlari bilan oʻrtoqlashar ekan.

Fermerlar bilan suhbatdan soʻng, Leone ularga pH/EC/Termo/Gigro hisoblagichlari kabi vositalardan foydalanish, jumladan, kalibrlash va hisobni yuritish, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimiga texnik xizmat koʻrsatish, qoplama materiallarini tozalash, zararkunanda tuzoqlaridan foydalanish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

Keyingi takomillashtirish yoʻnalishi – tovoqlarda sifatli sabzavot koʻchatlarini yetishtirishdir. Ushbu mavzu boʻyicha chet ellik mutaxassis uchta maqsadli yoʻnalish boʻyicha benefitsiarlar va boshqa manfaatdor tomonlar uchun treninglar oʻtkazdi.

Unda ishtirokchilar 55 kishini tashkil etdi. Axir koʻchatlar ishlab chiqarish sabzavot biznesining barcha turlari orasida eng intensiv tur hisoblanadi. Bundan tashqari, tovoq idishlarga sabzavot urugʻini ekish butun dunyo fermerlari orasida keng tarqalgan amaliyotdir, chunki bu sifatli koʻchat va yuqori hosil olish imkonini beradi.

Ekspertning taʼkidlashicha, fermerlar nafaqat oʻzlari uchun, balki tijorat maqsadlarida ham koʻchat yetishtirishdan koʻproq foyda oladi. Natijada koʻchat yetishtirishga qiziqqan 3 nafar istiqbolli fermer loyihaning benefitsiarlari orasidan tanlab olindi. Ular koʻchat yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha FAO loyihasidan qoʻshimcha yordam oladi.

Yana bir muhim masala qishda issiqxonani isitishdir. Chekka hududlarda gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar hisobga olinsa, bu muammo fermerlar uchun dolzarbdir. Ayni paytda qish mavsumida yangi sabzavotga boʻlgan talabni hisobga oladigan boʻlsak, issiqxonada sabzavotlarni yetishtirish barqaror daromad va qoʻshimcha foydani kafolatlaydi. Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, ayni paytda muqobil energiya manbalarini topish va ularni “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasiga tatbiq etish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida u isitish uskunalari yetkazib beruvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Eng oqilona yechim topish maqsadida hamyonbop isitish tizimlari, ularning texnik tafsilotlari, narxlari va shartnoma shartlari kabi masalalarni muhokama qildi.

Endilikda yana 20 nafar fermer benefitsiarlar qatoriga qoʻshilgan boʻlib, ular ham bundan buyon oʻz issiqxonalarini modernizatsiya qilishda loyihadan har tomonlama koʻmak oladilar. Jami benefitsiarlar soni 40 nafarni tashkil etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер