FAO BMTning oʻrmonlar boʻyicha forumida Orolboʻyi masalalarini koʻtarib chiqdi

17:21 17 May 2023 Siyosat
765 0

Foto: “Xalq soʻzi”

BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari FAOning boshqa xodimlari qatori BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan BMT oʻrmonlar boʻyicha forumining 18-sessiyasida ishtirok etishdi. Unda BMTga aʼzo davlatlar FAO raisligidagi Oʻrmonlar boʻyicha qoʻshma sheriklik, mintaqaviy tashkilotlar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida BMTning oʻrmonlar boʻyicha 2017-2030-yillarga moʻljallangan strategik rejasini amalga oshirishni muhokama qilishdi.

Forum davomida FAOning oʻrmon xoʻjaligi boʻyicha mutaxassisi Ekrem Yazichi iqlim oʻzgarishi sharoitida Orolboʻyi mintaqasida oʻrmon, yer va suv resurslarini kompleks boshqarish muhimligini taʼkidladi.

Ekrem Yazichining soʻzlariga koʻra, iqlim oʻzgarishi va boshqa muammolarga chidamlilikni oshirish uchun sifatli suv resurslariga ega boʻlish, oʻrmonzorlar barpo etish, yerlarni tiklash boʻyicha ishlarni amalga oshirish va oʻrmon xoʻjaligiga asoslangan turmush tarzini taʼminlashda qoʻllab-quvvatlash zarur.

FAO forumda Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtirokini qoʻllab-quvvatladi. Forum doirasida Oʻzbekiston tomoni raisligida Jahon banki, FAO, UNECE, BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi, Kanada oʻrmon xizmati va Chexiya oʻrmon xoʻjaligi instituti hamkorligida qoʻshma tadbir tashkil etildi. Tadbirda BMTga aʼzo davlatlarning 100 dan ortiq vakillari, oʻrmonlarni boshqarish sohasidagi maʼmuriy va ilmiy doiralar, shuningdek, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, keng koʻlamli obodonlashtirish aksiyasi, Orol dengizining qurigan tubida oʻrmon barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, butun respublika hududida koʻkalamzorlashtirish boʻyicha oʻtkazilayotgan “Yashil makon” aksiyasi natijalari haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat hududiga nisbatan 2016-yildagi 4 foizdan bugungi kunda 14 foizga kengaytirilganligi alohida taʼkidlandi

Bundan tashqari, Jahon bankining Tabiiy resurslar mintaqaviy departamenti direktori Paola Agostini Oʻzbekistonda oʻrmonlarni tiklash boʻyicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyiha taqdimotini qildi.

Yakunda qoʻshma tadbir ishtirokchilari joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning yirik tadbirlariga taklif etildi.

FAO BMT oʻrmonlar boʻyicha forumining 18-sessiyasini oʻtkazishda muhim rol oʻynaganini taʼkidlash lozim. FAO forum ishtirokchilariga 2025-yilgi Oʻrmon resurslarini global baholashga tayyorgarlik toʻgʻrisida axborot, BMTning Oʻrmonlar boʻyicha strategik rejasining kommunikatsiya strategiyasini amalga oshirish toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etdi, shu bilan birgalikda, Oʻrmonlar boʻyicha qoʻshma sheriklikning 16 aʼzosi nomidan qoʻshma bayonot berdi, shuningdek, 2024-yildagi xalqaro oʻrmonlar kuni mavzusini eʼlon qildi. Bundan tashqari, FAO oʻrmon va energetika resurslari hamda barqaror turmush tarzi boʻyicha muhokamalarni oʻtkazishga hissa qoʻshdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер