Yevropa Amerikadan strategik jihatdan mustaqil bo‘lmoqchi

11:49 19 Iyun 2018 Dunyo
1618 0

Yevropa mudofaa masalasida faqat AQSHga bog‘lanib qolmasdan, o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi kerak. Bu haqida Latviya prezidenti Raymonds Veyonis bayonot berdi. Bundan oldin Yevrokomissiya ham shu maqsadlar uchun 20 milliard yevrodan ziyod mablag‘ ajratilishini taklif etgandi. Bu haqida TASS xabar berdi.

Umuman 23,5 milliard yevro Yevropa Ittifoqining strategik mustaqilligi va o‘z fuqarolari xavfsizligini ta’minlash layoqatini kengaytirish, xalqaro arenada Bryussel pozitsiyasini kuchaytirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilyapti. Bu haqida Yevropa Ittifoqining Oliy vakili Federika Mogerini aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, Yevrokomissiya 2021-2027 yillarda Yevropa mudofaa jamg‘armasi tuzilishiga 13 milliard yevro yo‘naltirishni taklif etgan. Mazkur jamg‘arma harbiy texnologiya va asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi Yevropa firmalariga investitsiya kiritish bilan shug‘ullanadi. Bu shifrlash dasturiy ta’minoti va dronlar texnologiyalari kabilargacha taalluqlidir.

O‘z navbatida Yevroittifoq Yevropadagi tadqiqotlar va mudofaa texnologiyalari sohasidagi eng yirik to‘rtta investorlardan biriga aylanmoqchi. Buning uchun o‘zining ilmiy va sanoat bazasi innovatsionligi va raqobatdoshligini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilinyapti.

Yevropa Ittifoqi AQSH va NATOdan mustaqil tarzda o‘zining mudofaa siyosatini olib borishi zarurati haqida ko‘hna qit’adagi yana ko‘plab yetakchilar fikr bildiryapti.

Yaqinda Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa bundan buyon xavfsizlikni ta’minlash borasida AQSHga suyana olmasligini ta’kidlagandi.

“AQSH bizni shunchaki himoya qilgan davrlar o‘tib ketdi, - dedi u. – Shuning uchun Yevropa o‘z taqdirini o‘zi qo‘lga olishi kerak. Bizning kelajakdagi vazifamiz shundan iborat”.

Endi mazkur reja real haqiqatga aylanmoqda. Mogerini tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa mexanizmi yaratilishi, uning byudjeti 10,5 milliard yevro bo‘lishini qayd etgani ham buni tasdiqlaydi.

E’tirof etilishicha, yangi vosita YEI harbiy sohada bajara oladigan vazifalar sohasini kengaytirish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер